Mo‘jizaviy Toshkent: Yangi yil bayrami oldidan bezatilgan archalar manzili
Yangi yil bu nafaqat bolajonlar, balki biz kattalarning ham sevimli bayramimiz hisoblanadi. U yil sarhisobi bilan bir qatorda yangi, yaxshi kunlar boshlanishiga umid berishi bilan ham sehrli hisoblanadi.
Tabiiyki, bayramning eng asosiy belgilaridan biri bu yorqin chiroqlar bilan bezatilgan archalardir. Toping.uz Toshkent shahridagi eng katta archalar ro‘yxati va manzilini taqdim etadi. Bayram kunlarida oilangiz bilan borishni tavsiya qilamiz.
Bosh archa
Ushbu archa Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona qarshisida qad rostlagan. U 33 mingta o‘yinchoq bilan bezatilgan bo‘lib, yulduzcha bilan balandligi 35 metrni tashkil qiladi.
Archa umumiy uzunligi 14 ming metr bo‘lgan 3500 ta archa chiroqlari bilan bezatilgan. Maydonda yana to‘rtta kichik archa, 300 dan ortiq dekorativ elementlar va chiqishlar uchun katta sahna o‘rnatilgan.
Ushbu archa atrofidagi yo‘llar mashinalar harakati uchun to‘silgan bo‘lib, odamlar bemalol piyoda sayr qilishi mumkin. Yo‘llarda fudtraklar xizmat ko‘rsatmoqda. Ular orasida bir qancha mashhur brendlarni ham ko‘rish mumkin.
Archaga Mustaqillik yoki Amir Temur metro bekatlaridan chiqib, biroz piyoda yurish orqali yetib olish mumkin. Avtobus va taksi ham qulay transport vositasi hisoblanadi. Ammo hech bir transport turi archaning yonigacha borolmaydi.
Tashkent City Mall archasi
Bayram mo‘jizalaridan yana biri bu albatta qor va yo‘ldagi yaxmalaklardir. City Mall ijodkorlari bu ikki unsurni ajoyib tarzda birlashtira olgan. Ya’ni savdo majmuasi kirish qismida muz uchish maydonchasi tashkil etilib, uning o‘rtasiga katta archa o‘rnatilgan.
Bir marta konkida uchish narxi kattalar uchun yuz ming so‘m, bolalar uchun esa ellik ming so‘m. Chiptalarni Tashkent City Mall yaqinidagi kassalardan yoki i-ticket orqali xarid qilish mumkin.
Katok 1-fevralgacha +10 darajagacha bo‘lgan haroratga bardosh berib ishlaydi. Hududda The Burger, Cucucina, Go‘sht, Hot Dog, Hamdi Usta, 7Saber, Bistecca, Salateria va Dolly Beard kabi brendlar fudtraklari mavjud.
Humo Arena archasi
Yana bir o‘ziga xos kompozitsiya tarzida bezatilgan archa poytaxtdagi eng yirik arena hovlisida joylashgan. Ushbu hudud Coca Cola brendi tomonidan tashkil etilgan. Buni yorqin qizil ranglardan ham anglab olish qiyin emas.
Boshqa archalardan farqli ravishda, ushbu hududga kirish pulli. Kattalar uchun 30 ming so‘m, bolalar uchun 15 ming so‘m to‘lab, archa va kunlik shoularni tomosha qilishingiz mumkin. Bezatilgan hudud sezilarli darajada katta.
Arenaga O‘zbekiston metro bekatidan chiqib, bir necha metr yurish orqali yetib olish mumkin. Hudud to‘siqlar bilan o‘rab olingan. Ammo shunday bo‘lsada, ichkaridagi archani bemalol tomosha qilish, suratga tushish imkoni mavjud.
Seoul Mun archasi
Toshkentning eng yangi ko‘ngilochar markazlaridan hisoblangan Seoul Mun’da ancha yirik archa o‘rnatilgan. U sap-sariq rangdagi chiroqlar bilan yoritilgan. Archa yonida ertak va komiks qahramonlari bolajonlar bilan suratga tushadi.
Ichkarida ko‘plab ovqatlanish shoxobchalari, jumladan, Panda, KFC, Wendy’s, Feyed Up, Taksim, B&B va РыбаLove kabi brendlar bor. Bundan tashqari, kofeshoplar, shirinlik do‘konlari va aksessuarlar nuqtalarini topishingiz mumkin.
Ushbu markaz suvbo‘yida joylashgani uchun odatdagi haroratdan biroz salqin yoki sovuq bo‘lishini hisobga olish darkor. Bu yerga avtobus yoki taksida kelgan qulay. Mashinalar uchun yerosti avtoturargoh ham mavjud.
Magic City archasi
Toshkentning tashrif qog‘ozlaridan biriga aylangan shaharchada ertaknamo archa qad rostlagan. U qasrning qarshisida, suv yoqasidagi hududda joylashtirilgan. Tan olish kerak, bu archaga yetib olish uchun ancha kuch va sabr talab etiladi.
Ushbu bog‘da tashrif buyuruvchilar soni ko‘p bo‘lgani sababli ko‘p vaqtlarda tirbandliklar yuzaga keladi. Erkin harakatlanish imkoniyatingiz cheklanadi. Ammo archa sevuvchilar bu bog‘ni e’tibordan chetda qoldirmasligi kerak, deb hisoblaymiz.
Bog‘ hududida bolalar uchun ham, kattalar uchun ham vaqtni chog‘ o‘tkazish mumkin bo‘lgan mashg‘ulotlar talaygina topiladi. Bundan tashqari, ovqatlanish shoxobchalari va kiyim do‘konlari umumiy ehtiyojlar uchun xaridlarga ham ko‘mak bera oladi.
Next archasi
Toshkentdagi eng birinchi ochilgan savdo markazlaridan biri hisoblanmish Next’da ham o‘ziga xos kompozision archa bezatilgan. Ammo uning atrofida mehmonlar unchalik ko‘p emas. Bunga sabab archaning majmua oxirida o‘rnatilgani bo‘lsa kerak.
Bu yerga bolalaringiz bilan kelib, archani tomosha qilish, suratga tushish va eng muhimi, muzdek havoda katokda uchish mumkin. Next, shuningdek, kinoteatr va turli sayohatlar amalga oshiriladigan virtual muzeyga ham egalik qiladi.
Savdo markazining so‘nggi qavatida fudkort mavjud. U yerda milliy taomlardan tortib, fastfudgacha, shirinlikdan tortib, achchiqqina taomlargacha tayyorlanadi. Shuningdek, turli qavatlarda mashhur kiyim brendlarining do‘konlarini ham uchratasiz.