РУ
O’Z
UZS
/
/
Oy sarhisobi: Sentyabrda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?
29.09.2024

Oy sarhisobi: Sentyabrda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?

Oy sarhisobi: Sentyabrda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?

Sentyabr oyi ham yakuniga yetdi. 2024-yilning toʻqqizinchi oyi qizgʻin voqealarga boy boʻldi. Toping.uz sentyabrning eng muhim va diqqatga sazovor yangiliklarini bir maqolaga jamladi.

Oʻzbekiston va jahonda sentyabr oyi yangiliklarga boy boʻldi. Bu oyni oʻquvchilar ayniqsa yangi iPhone chiqishi va Hamster Kombat tokenlari listingi bilan koʻproq eslab qolishdi. Appleʼning yangi mahsuloti yana avvalgilaridan unchalik farq qilmadi, HMSTR tokenlari esa oʻyinchilarga arzimas chaqaga aylandi.

Paralimpiya va Shaxmat olimpiadasi

Sentyabr yaxshi xabarlar bilan boshlandi. Oʻzbekiston paralimpiyachilari toʻrtyillikning eng nufuzli musobaqasida medallar shodasini qoʻlga kiritdi. Prezident Parij paralimpiadasi sovrindorlari bilan uchrashuvda 2028-yilgi oʻyinlarga hozirdanoq tayyorgarlik koʻrish kerakligini aytdi.

Oʻzbekiston Paralimpiya oʻyinlarini 26 ta medal — 10 oltin, 9 kumush va 7 bronza qoʻlga kiritib, 168 delegatsiya orasida 13-oʻrinda yakunladi. Bu mamlakat tarixidagi eng yaxshi natija, shuningdek, Osiyoda 3-oʻrin, turkiy, islom davlatlari va MDH davlatlari orasida esa 1-oʻrin.

Vengriya poytaxti Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan 45-butunjahon shaxmat Olimpiadasida bronza medallarni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston erkaklar jamoasi aʼzolari “Prezident sovgʻasi” sifatida BYD Chazor rusumidagi avtomobillar hamda 170 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Ushbu musobaqada amaldagi chempionlar sifatida qatnashgan Oʻzbekiston jamoasi 17 ochko bilan uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Musobaqa gʻolibi Hindiston 21 ochko toʻpladi. Kumush medallarga ega chiqqan AQSH Oʻzbekiston termasidan faqatgina qoʻshimcha koeffitsiyentlar evaziga gʻalaba qozondi.

Apple iPhone 16 liniyasi smartfonlarini taqdim etdi

9-sentyabr kuni Apple kompaniyasi anʼanaviy yangi mahsulotlar taqdimotini oʻtkazdi. Taqdimot oʻzgacha koʻrinishda boʻldi: Tim Kuk boshchiligidagi kompaniya mutaxassislari sahnada emas, ochiq havoda yangi qurilmalar haqida gapirib berdi.

Yangi iPhone 16 smartfoni qora, pushti, yashil, oq va koʻk ranglarda chiqarilishi maʼlum qilindi. Smartfon Apple Intelligence sunʼiy intellektiga ega. Kamerani biror narsaga qarating va iPhone sizga oʻsha narsa haqida barcha maʼlumotni taqdim qiladi.

Shuningdek, taqdimotda Apple Watch Series 10 va AirPods 4 ham namoyish etildi. Endilikda yangi avlod Apple AirPods quloqchinlari bilan qoʻngʻiroqlarga boshingizni qimirlatib javob berishingiz mumkin. Soatning hoshiyasi yanada yupqaroq koʻrinishga ega boʻladi.

Hamster Kombat oʻyiniga oid barchasi

Yarim yildan beri hamma ishni yigʻishtirib, ekrandagi ogʻmaxonni bosganlar 26-sentyabr kuni boyib ketishini kutib yashadi. Bunga Notcoin oʻyini sabab boʻldi deyish mumkin. Chunki oʻshanda oʻyinchilar anchagina yaxshi daromad ishlab topishgandi.

Ammo Hamster bilan hammasi aksincha boʻldi. Eng mashhur oʻyinchilar (odatda blogerlar, chunki ular auditoriyasini oʻz havolasi orqali oʻyinga jalb qilib, koʻplab tokenlarni qoʻlga kiritdi) zoʻrgʻa 2-3 ming dollar ishladi. Shu oʻyinda koʻp vaqtini oʻtkazganlar boʻlsa, oʻrtacha 25-30 dollar pul topdi.

Kriptovalyuta bozori tahlilchilari buni oldindan bashorat qilishgandi. Chunki Hamster rahbariyati orasida ichki ziddiyatlar kuchaygan, ular investorlar bilan ham kelishmay qolishgandi. Ammo eng asosiy sabablardan biri bu oʻyinchilar sonining haddan ziyod koʻpligida edi. Ularning hammasi millioner boʻlib ketmasligi tabiiy hol.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Hamster Kombat oʻyinidan olingan HMSTR tokenlarini faqat ruxsat etilgan kriptobirja va kriptodoʻkonda sotish mumkinligini maʼlum qildi. Kriptoaktivlar aylanmasi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilganini eslatdi.

Lirik chekinish

Oy davomida saytimizda bir qancha qiziqarli va tahliliy maqolalar eʼlon qilindi. Ularni balki koʻrmay qolgandirsiz yoki keyinroq oʻqiyman deb saqlab qoʻygandirsiz. Shu sababli oʻzimiz dolzarb maqolalardan iborat toʻplamni tayyorladik.

Filmlar, seriallar, anons va treylerlar

Kutilganidek, yil yakuniga kelib, deyarli barcha kino kompaniyalari faollashib qoldi. Endi yana kinoteatrlar tomoshabinlarga toʻladi. Chunki oktyabr tom maʼnoda premyeralar oyi boʻladi. Shuningdek, uzoq kutilgan seriallar premyerasiga ham oz qoldi.

Oy boshida “Joker: Ikki kishilik telbalik” filmi yangi tizeri taqdim etilgandi. Film 2-oktyabr kuni xalqaro kinoprokatga chiqadi. Asl “Joker” filmi 2019-yilda ekranlarga chiqib, 1 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan.

Shuningdek, rejissyor Shon Beykerning Bruklindagi fohisha hayoti haqidagi filmi premyerasining yana bir tizeri namoyish etildi. “Anora” filmi bu yilgi Kann kinofestivalining “Oltin palma yaprogʻi” mukofotiga sazovor boʻlgan. Syujet Bruklindagi fohisha Ani hayoti atrofida rivojlanadi. Qiz toʻsatdan rus oligarxining oʻgʻli Ivanga turmushga chiqadi.

Netflix “Kalmar oʻyini” serialining yangi mavsumiga oid tizerni taqdim etdi. Son Gi-xun (456-raqamli oʻyinchi) bosh roliga “Emmi” mukofoti sovrindori Li Jon-dje qaytdi. Shuningdek, videoda yangi ishtirokchilarni koʻrish mumkin, biroq ularning yuzlari koʻrsatilmagan. Ikkinchi mavsum premyerasi Netflixʼda 2024-yil 26-dekabrda boʻlib oʻtadi.

Peacock strim-servisi “Ajabtovur ishlar” uslubidagi “Jazava!” serialining kengaytirilgan treylini taqdim etdi. Reliz 18-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi. Shou syujeti 1980-yillarda kichik shaharchada sodir boʻladi. Oʻsmirlar xevi-metal-guruhi oʻzlarini satanistlar deb eʼlon qiladi: barcha sevgan yosh kvoterbek yoʻqolganda, shahar aholisi okkultizm haqida koʻproq bila boshlaydi, bu esa dahshatli oqibatlarga olib keladi.