Oʻzbekistonda 1-maydan elektr energiyasi uchun yangi tarif joriy etiladi


Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-2025-yillarda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich oʻzgarish grafigiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida” 194-son qarori qabul qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Prezident topshirigʻiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-2025-yillarda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich oʻzgarish grafigiga aholi uchun yengillik yaratadigan oʻzgartishlar kiritildi.
Jumladan, yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining oshishi muddati 1-apreldan 1-may sanasiga koʻchirildi.
Qolaversa, 201 kVt soatdan 1000 kVt soatgacha boʻlgan differensiallashgan tarif boʻyicha isteʼmol miqdori orasiga yangi miqdor kiritilmoqda. Yaʼni 2025-yil 1-maydan aholi isteʼmolchilari 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha boʻlgan yangi miqdor oraligʻida har bir kilovatt·soat uchun 800 soʻmdan toʻlaydi (shu paytgacha 201 kVt soatdan 1000 kVt soatgacha boʻlgan qismi uchun 900 soʻmdan haq toʻlangan).
Bir oyda oʻrtacha 500 kVt soat miqdorida elektr energiyasi sarflaydigan xonadon vakillari buning uchun 2025-yilning 1-mayiga qadar 360 ming soʻm toʻlar edi (200 kVt soat bazaviy norma uchun 90 ming soʻm, 201 kVt soatdan 500 kVt soat uchun 270 ming soʻm). Tarif oʻzgarishlaridan soʻng bir oyda oʻrtacha 500 kVt soat tok ishlatadigan xonadon buning uchun 360 ming soʻm toʻlaydi (200 kVt soat bazaviy norma uchun 120 ming soʻm, 201 kVt soatdan 500 kVt soat uchun 240 ming soʻm).
Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori boʻlmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.