Oʻzbekistonda ob-havo: 2024-yil noyabr oyida qanday harorat kuzatiladi?
Iqlim maʼlumotlariga koʻra, noyabr oyida oʻrtacha havo harorati oktabr oyiga nisbatan 6-7 darajaga, shimolda va choʻl hududlarda 8-9 darajaga past boʻladi.
Noyabr oyi kuz faslining boshidan farqli darajada havo haroratining keskin oʻzgarib turishi bilan ajralib turadi.
Oyning birinchi yarmida oʻrtacha koʻp yillik kunduzgi harorat 15-20 daraja iliqni (baʼzan 22-27 darajagacha), oyning ikkinchi yarmida esa 10-15 daraja iliqni tashkil etadi.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha qatorlari uchun mutlaq maksimal harorat 30-33 daraja iliqni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Fargʻona vodiysida 26-28 daraja iliqni tashkil etadi.
Oʻtgan asrning oʻrtalarigacha boʻlgan davr uchun eng sovuq noyabr oylarida havo harorati 19-24 daraja sovuqqacha, shimolda 25-27 daraja sovuqqacha, eng chekka janubda 10-15 daraja sovuqqacha pasaydi.
Soʻnggi yillarda noyabr oyida bunday qattiq sovuqlar kuzatilmadi. Ushbu asrda eng past harorat 10-15 daraja sovuqni, shimolda 20-25 daraja sovuqni, Ustyurtda 26-28 daraja sovuqni tashkil etdi.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun Oʻzbekistonda eng iliq davr oʻtgan 2023-yil noyabr oyida kuzatildi, bunda oʻrtacha oylik harorat iqlim meʼyoridan 3-6 darajaga koʻp boʻldi.
Respublika hududining katta qismida 2023-yil noyabr oyida (shimol va choʻl hududlardan tashqari) havo harorati manfiy qiymatlargacha bir marta ham pasaymadi.
Ushbu asrda 2020-yil noyabr oyi eng sovuq boʻldi.
Oʻsha yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligida havo hali nisbatan iliq boʻldi. Ikkinchi oʻn kunlikda haroratning keskin pasayishi kuzatildi. Sovuq havo noyabr oyining oxirigacha saqlanib turdi. Hatto kunduz kunlari ham termometr ustuni 5 daraja iliqdan, eng sovuq kunlarda esa 0 darajadan yuqoriga koʻtarilmadi.
Noyabr oyida yogʻingarchilik (yomgʻir, baʼzi joylarda yomgʻir qisqa muddatga qorga aynanadi) oktabr oyiga nisbatan tez-tez kuzatiladi, ular davomiy va jadal boʻladi.
Togʻli hududlarda birinchi qor qoplami shakllanadi. Pastki qatlamlarda qor qoplami beqaror boʻladi, 2000 m dan yuqori boʻlgan balandliklarda esa qor qoplamining balandligi oy oxiriga 25-40 sm ga yetadi.
Hududning katta qismida barcha kuzatuv yillari uchun 2011-yil noyabr oyi yogʻingarchilik eng koʻp boʻlgan yildir. Ushbu yili noyabr oyida yogʻingarchilik 3-3,5 oylik meʼyorgacha, eng chekka janubda esa 4-7 oylik meʼyorgacha boʻlgan.
Masalan, Toshkentda 2011-yil noyabr oyida meʼyor 51 mm boʻlganda 167 mm yogʻingarchilik kuzatildi va u 19 kun (meʼyor 11 kun) davomida qayd etildi.
Ammo meteorologik kuzatuvlar tarixida anomal quruq noyabr oylari ham qayd etilgan, bunda yogʻingarchilik meʼyordan 1 dan 30 foizgacha boʻlgan.
Bu yil noyabr oyi issiq va asosan quruq ob-havo bilan boshlanadi.
Respublika boʻyicha 1-3-noyabr kunlarida asosan yogʻingarchiliksiz ob-hav kuzatiladi, faqat 2-noyabrda Toshkent viloyatining ayrim joylarida kechasi va ertalab biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Havo harorati asta-sekin koʻtariladi. 3-noyabrga kelib, kunduzi havo 20-25 daraja iliqqacha isiydi.
4-noyabrdan Oʻzbekiston hududiga nam va sovuq havo massalarining kirib kelishi boshlanadi. Respublika hududlari boʻyicha yomgʻir yogʻadi. Kunduzgi havo harorati Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 10-15 daraja iliqqacha pasayadi, respublikaning qolgan hududlarida esa iliq ob-havo saqlanib turadi.
5-noyabrdan nam va sovuq havo massalari Oʻzbekistonning barcha hududlariga tarqaladi.
Sovuq harorat fonida 5-8-noyabr kunlari respublikaning barcha viloyatlarida, 9-10-noyabrda sharqiy hududlarda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi (togʻlarda yomgʻir qorga aylanadi), baʼzi joylarda kuchli boʻladi.
Havo harorati asta-sekin pasayadi va birinchi oʻn kunlikning oxiriga kelib, harorat kechalari 3-8 daraja iliqni, kunduz kunlari 7-12 daraja iliqni tashkil etadi.
Noyabr oyining ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida harorat kechalari 3-8 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10-15 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat 17-20 daraja iliqqacha koʻtarilishida iliq ob-havo davrlari kuzatilishi ehtimoli bor.
Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarning ayrim kunlarida asosan yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻlishi kutilmoqda.