Oʻzbekistonda dekabr oyida ob-havo qanday boʻladi?
Oʻzbekistonda dekabr oyining birinchi oʻn kunligi asosan quruq ob-havo bilan oʻtadi. 9−10-dekabrda baʼzi joylarda yogʻingarchilik boʻlishi mumkin. Oy davomida harorat kechalari 0…-17, kunduz kunlari 0…+15 darajagacha oʻzgarib turadi.
Dekabr oyning birinchi oʻn kunligida Oʻzbekiston hududi boʻyicha harorat tartibi oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqin boʻladi, deya xabar bermoqda Oʻzgidromet agentligi.
Dekabr, odatda, sovuq va qorli ob-havo bilan kuzatiladi. Biroq Oʻzbekistonda bu oy har doim ham shunday boʻlmaydi.
Sinoptiklarga koʻra, soʻnggi 50 yil ichida 1984-yil dekabr oyi eng sovuq boʻlgan. Respublika hududining katta qismida sovuq havoning eng yuqori choʻqqisida havo harorati −20…−25, baʼzi joylarda -27, eng chekka janubda −9…−14 darajagacha pasaydi. Oyning katta qismida sovuq havo hatto kunduz kunlari ham saqlanib turgan.
1984-yil dekabr oyida oʻrtacha oylik harorat meʼyordan 7−12 darajaga past boʻlgan. Bunday ahamiyatli harorat anomaliyasi juda kamdan kam hollarda uchraydi. Meteorologik kuzatuvlarning barcha qatori uchun shunga oʻxshash dekabr oylari 1877 va 1920-yillarda kuzatilgan.
Oxirgi 50 yil ichida 2021-yil dekabr oyi eng iliq boʻlgan (meʼyordan 2−4 daraja baland). Eng iliq kunlarda havo harorati +20…+25 darajagacha, janubda +26…+28 darajagacha koʻtarilgan.
Respublikaning ayrim hududlarida 2021-yil dekabr oyida maksimal havo harorati meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori koʻrsatkich boʻlgan.
Oʻtgan 2023-yil dekabr oyi haroratning kuchli oʻzgarib turishi bilan ajralib turgan. Oʻzbekistonda qish oylarida haroratning oʻzgarishi odatiy hodisa boʻlsada, ular ayniqsa oʻtgan yilning dekabr oyida sezilarli boʻlgan.
Dekabr oyining boshida va uchinchi oʻn kunligida havo harorati +18…+23, janubda +24…+26 darajagacha koʻtarilgan. Oyning oʻrtalarida esa Arktika hududidan kirib kelgan sovuq toʻlqinlar respublika hududining katta qismida haroratni pasaytirgan. Havo harorati kechalari −16…−21, shimolda baʼzi joylarda −22…−25 darajagacha pasaygan.
Respublika hududining katta qismida 2023-yil dekabr oyida kunduzgi eng yuqori va eng past harorat oʻrtasidagi farq +30…+35 darajani tashkil etadi. Shunday qilib, Toshkentda 4−6-dekabr va 23−25-dekabr kunlari kunduzgi havo harorati +19…+22 darajani tashkil etgan, 12−13-dekabrda esa −5…−8 daraja atrofida boʻlgan.
Dekabr oyida yogʻingarchilik noyabr oyiga nisbatan odatda 1,5−3-marta, choʻl zonasida va respublika janubida esa 4−6-marta koʻp boʻlishi kuzatiladi. Tekislik hududlarda yogʻingarchilik ham yomgʻir, ham qor shaklida yogʻadi, togʻlarda esa odatda qor qoplamining faol shakllanishi kuzatiladi.
Bu asrda 2002-yil dekabr oyida yogʻingarchilik eng koʻp boʻlgan edi. Hududning katta qismida oʻsha dekabr oyida meʼyordan 1,5 dan 3 gacha boʻldi. Shunisi eʼtiborga loyiqki, yogʻingarchilik asosan qor shaklida kuzatilgan. Respublikaning markaziy hududlari boʻyicha qor qoplami deyarli oy davomida qisqa tanaffuslar bilan yerni qopladi, qorning maksimal balandligi esa 20−30 santimetrga, togʻlarda 70−100 santimetrga yetgan.
Koʻp yillik kuzatuv maʼlumotlarini tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, qolgan oylarga qaraganda dekabr oyi, noyabr oyi kabi, global isishga kamroq moyil, deyiladi hisobotda.
Bu yil dekabr oyi qanday boʻladi?
Oyning birinchi oʻn kunligida havo harorati asosan kechalari −3…+2, kunduz kunlari +3…+8, baʼzi joylarda +10 darajagacha, shimolda kechalari −3…−8, kunduz kunlari +2…+7 daraja atrofida boʻlishi kutilmoqda.
1-dekabrda respublika boʻyicha baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, ayrim joylarda qorga aylanishi mumkin) boʻladi. 2-dekabrda ayrim togʻli hududlarda biroz qor yogʻishi kutilmoqda.
Keyinchalik deyarli birinchi oʻn kunlikning oxirigacha (3−8-dekabr) Oʻzbekiston hududi boʻyicha asosan quruq ob-havo kuzatiladi va faqat oʻn kunlik oxirida (9−10-dekabr) respublika boʻyicha baʼzi joylarda yogʻingarchilik boʻlishi mumkin.
Dekabr oyining ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida harorat kechalari 0…-5 darajadan +2…+7 darajagacha, kunduz kunlari +3…+8 darajadan +10…+15 darajagacha oʻzgarib turadi. Oy oxirida harorat kechalari −5…−10, kunduz kunlari 0…-5 darajagacha pasayadi.
Shimolda harorat kechalari −8…−13 darajadan, baʼzi joylarda −15…−17 darajadan −3…+2 darajagacha, kunduz kunlari −2…+3 darajadan +3…+8 darajagacha oʻzgarib turadi.