Oʻzbekistonda Global ekologik fond donorlari yigʻilishi oʻtkazilishi mumkin
Oʻzbekiston prezidenti Global ekologik fond bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.
Boku shahrida oʻtkazilayotgan COP29 tadbirlari doirasida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Global ekologik fond (GEF) bosh direktori va raisi Karlos Rodriges bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda jamgʻarma bilan Oʻzbekistonda iqlim barqarorligi va ekotizimlarni muhofaza qilish borasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
GEFning mamlakatda bioxilmaxillikni asrash, tabiiy resurslarni boshqarish, iqlim oʻzgarishiga moslashish loyihalarini amalga oshirishdagi muhim hissasi qayd etildi. Qoʻshma loyihalar portfeli 100 million dollardan oshgan.
Havo sifatini monitoring qilish boʻyicha mintaqaviy tarmoq yaratish, koʻkalamzorlashtirish va ekoturizmni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, yoʻqolib borayotgan hayvon turlarini asrash, shuningdek, Orolboʻyi hududini qayta tiklash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Kelgusi yilda Oʻzbekistonda yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, Global ekologik fond donorlari yigʻilishini oʻtkazish yuzasidan ham fikr almashildi.