РУ
O’Z
UZS
/
/
Taniqli avtobloger Kamila Rusesyan tavsiya qilgan 4 mashhur avtomobil
24.01.2025 (yangilandi 24.01.2025)

Taniqli avtobloger Kamila Rusesyan tavsiya qilgan 4 mashhur avtomobil

Taniqli avtobloger Kamila Rusesyan tavsiya qilgan 4 avtomobil

“Hafta qahramoni” ruknining bu safargi mehmoni toshkentlik avtobloger Kamila Rusesyan hisoblanadi. Biz bloger bilan sohadagi faoliyati, maslahatlar hamda elektr va benzinli avtomobillar oʻrtasidagi tanlov haqida gaplashdik.

Avtoblog yuritishni boshlashga nima turtki boʻldi?

Avtoyangiliklar mavzusida blog yuritishga koʻchalarda JDM (Japanese domestic market) uslubidagi mashinalarni koʻproq koʻra boshlaganim turtki boʻlgan. Ushbu sohada videolar tayyorlashni dastlab yigitim boshlagan. Bora-bora menda ham qiziqish uygʻongan.

Bundan tashqari, dadam ham, onam ham doim rulda boʻlgan. Umuman olganda, mening atrofimdagi barcha insonlar mashina boshqargan va men ham kichik yoshimdanoq avtomobillar farqiga borardim.

Shu bois avtomadaniyatning bir qismi boʻlishga qaror qildim va vaqt oʻtavergach, rivojlanib, obunachilarim soni ortib boraverdi. Ayni vaqtda faoliyatimni yuqori qiziqish va faxr bilan davom ettirmoqdaman.

Birinchi boʻlib qaysi mashinani boshqargansiz?

Bu damlarni kechagidek eslayman. Birinchi mashinam Chevrolet Spark boʻlgandi. Avtomobilni xarid qilish jarayoni ham juda tezlashib ketgan. Xossatan, ertalab ishga ketayotganda oʻsha eʼlonni koʻrgandim va kechqurun uyga qaytganda esa Sparkʼni boshqarib kelganman.

Bu oʻta favqulodda qaror boʻlgan deb ayta olaman. Nimaga aynan Spark? Chunki birinchi mashina uchun u juda ham muqobil tanlov. Qulay, chaqqon va kamxarj. Toychoqni olishim bilan uni tyuning qilish haqida oʻylay boshladim. Ammo bunga juda koʻp pul ketishi turgan gap edi.

Yaxshiyamki, GM mashinalariga inomarkalarga qaraganda kamroq xarajat qilinadi. Umuman olganda, yangi haydovchilar uchun Spark qulay, hamyonbop va oʻta zukko mashinadir. Men oʻz Sparkʼimda butun Oʻzbekistonni kezib, turli musobaqalarda qatnashganman va sovrinli oʻrinlarni egallaganman.

Spark oʻzining noyob dizayni va juda ham kam eʼtibor talab qilishi bilan butun respublikada keng tarqalgani avtomobil boʻlsa kerak, deb hisoblayman. Ayni damda menda ikkinchi mashina boʻlsa ham, Spark garajimda turadi. Uni doim faoliyatimdagi eng yorqin yulduz sifatida koʻraman.

Sohadagi stereotiplar bilan qanday kurashyapsiz?

Faoliyatim endigina boshlanganda juda ham koʻp qiyinchiliklarga duchor boʻlganman. Men mashinamni avtotyuning qilgach, uni Instagramʼga yuklashdan juda qoʻrqqanman. Vaqtlar oʻtib, Blondinka Angelina ismli rossiyalik avtobloger mening kumirimga aylandi.

Men uning videolarini tomosha qilib, oʻzimga kichkina xulosa olganman: odamlar butun umr gapirishadi, shu sabab hozir yoki hech qachon degan gapga amal qilish kerak. Shukrki, avtodoirada meni juda iliq kutib olishdi. Men Toshkent va boshqa hududlardagi avtoishqibozlar bilan doimiy muloqotdaman.

Biz ular bilan turli festivallar, musobaqalarda uchrashib turadi. Ularning barchasi meni qoʻllab-quvvatlaydi, tushunmaganlarimni oʻrgatishdan qochmaydi. Biz birgalikda turli videokollablar ham ishlab turamiz. Men tanishlarim bilan birgalikda avtojamoa ham shakllantirishga ulgurdim.

Oʻziga xoslikning afzal tomonlari nimada?

Men Spark avtomobilimni hech kimnikiga oʻxshamagan holda qayta bezashni xohlaganman. Qiyinchiliklar nafaqat tyuning jarayonida, balki blog yuritish davomida heyt shaklida ham boʻlib turgan. Dastlabki paytlarda bu meni juda ham qiynagan.

Ammo men qahri qattiq qiz boʻlganim bois yoʻlimda davom etaverdim. Men doim odamlar mashinamning tyuning qilinishiga havas bilan boqishini va bunday jarayonlarni doimiy ravishda tomosha qilishini xohlaganman. Aynan shu menga boshqalarni tinglamasdan, oldinga intilishga turtki bergan.

Avtomobilsozlik sanoatidagi trendlar haqida fikringiz

Juda koʻp va xoʻp festival hamda musobaqalarda qatnashgan mutaxassis sifatida ayta olamanki, Oʻzbekistonda avtotyuning, umuman, avtomobilsozlik sanoat sohasida tezlik bilan rivojlana boshladi. Men bundan faqatgina xursandman.

Aynan JDM uslubidagi tyuning xizmati ham tezda rivojlanib bormoqda. Bunday texnologiyalar meni xushnud qiladi. Avtohavaskorlar oʻziga xos yoʻl bilan mashinalarga yangi hayot bagʻishlayotganini koʻrib xursand boʻlaman.

Bu sohada pul katta, shu bilan birga, unga katta sarmoya sifatida ham qarash mumkin. Ammo bu ish juda koʻp mehnat va sabrni talab qiladi. Men bundan ham koʻproq tadbirlar tashkil etilishi va u yerda yirik forumlarda avtoblogerlar ishtirok etishini xohlardim.

Bloggingga qiziqadigan qizlarga qanday maslahatlar berasiz?

Hech nimadan qoʻrqmaslik kerak. Masalan, men byuti yoki fudbloger boʻlganimda biror hadiksiz ishimni boshlasam boʻlardi. Ammo Oʻzbekistonda avtobloggingda hali birorta ham qiz yoʻq edi. Men sohada birinchilardan boʻlganman. Shu sabab bir narsani ayta olaman, bu ishlarni avvalroq boshlashim ham mumkin edi. Bunga faqat qoʻrquv qarshilik qilgan.

Faqat harakat, harakat, harakat. Shundagina biror natijaga erishish mumkin. Nimadan boshlashni bilmayotgan qizlar boʻlsa, bemalol murojaat qilishlari mumkin. Hozirgacha bir qancha havaskorlar yozgan va menga havas qilib, Spark sotib olishganini aytishgan. Men ham oʻz navbatida, ularga bilimlarimni ulashishdan qochmayman.

Oʻzbekistondagi mashinalardan eng koʻp qaysilarini yoqtirasiz?

Ayni vaqtda oʻzbek avtobozorida topish mumkin boʻlgan toʻrt avtomobilni sanab oʻtaman. Bularning ikkitasi, albatta, Spark va Gentra. Bundan tashqari esa, yuqori toifaga qaraydigan boʻlsak, BMW M5 F90 va Nissan GT-R.

Elektromobil yoki benzinli avtomobil: qaysini tanlash kerak?

Mening tanlovim — faqatgina benzinli avtomobil. Shaxsan men mashinada ovozsiz yura olmayman va koʻpchilikning aytishicha, qandaydir nurlanish haqida eshitganman. Elektromobillar jonsizga oʻxshaydi. Ha, bu, shubhasiz, tejamli, ekologik va qulay, lekin men hech qachon elektr yoki hatto gibrid sotib olmagan boʻlardim.

Men, avtobloger sifatida, kuchli tutun chiqadigan, motor shovqini va qalbga ega boʻlgan ovozli avtomobillarni yaxshi koʻraman va bu holda ishlab chiqarish va yaxshilash istagi paydo boʻladi. Elektromobillar bizdan katta odamlarga, ularga kerak boʻlgan qulaylik uchun koʻproq mos keladi.

Buyurtma qoldiring

Bizning menejerlarimiz yaqin orada siz bilan bog‘lanadi.

Rahmat, arizangiz qabul qilindi.