Ozodbek Nazarbekov Qirgʻiziston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi


Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni Qirgʻiziston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan taqdirladi.
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov bugun, 13-dekabr kuni Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni qabul qildi, deb xabar beradi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Sadir Japarov Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy doʻstlik rishtalarini mustahkamlashda muhim boʻgʻin boʻlib, mushtarak tarix, til, madaniyat va anʼanalar bilan bogʻlanganini alohida taʼkidlagan.
“Xalqlarimizni koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari birlashtirib turadi. 1992-yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi va bu hamkorlikni mustahkamlashda madaniyat muhim oʻrin tutadi”, — degan Sadir Japarov.
Shuningdek, Qirgʻiziston prezidenti 2025-yilda Qirgʻizistonda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston madaniyati kunlari ikki xalqning yanada yaqinlashishida muhim voqea boʻlishiga ishonch bildirgan.
Sadir Japarov Ozodbek Nazarbekovni Qirgʻiziston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan taqdirlangani bilan tabriklab, uning mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va doʻstlikni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasini qayd etgan.