Prezident Onix, Tracker va Sonet avtomobil modellari boʻyicha topshiriq berdi
Andijon viloyatidagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan 1,8 ming gektar yerning toifasi oʻzgartiriladi.
Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Viloyat tumanlarida olib borilgan oʻrganishlar davomida bir qator takliflar aniqlangan. Masalan, Oltinkoʻl va Jalaquduqdagi 600 gektarda xitoylik investorlar tomchilab sugʻorish orqali qalampir yetishtirib, qayta ishlash loyihasini boshlagan. Bu orqali gektaridan 15 ming dollarlik mahsulot eksport qilish hisob-kitob qilingan.
Paxtaobodda BAA kompaniyasi bilan hamkorlikda 470 gektarda gilos va rezavor mevalar yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Tadbirkor investitsiya majburiyatini oʻz vaqtida bajarayotgani uchun davlatdan infratuzilma qilib berishni soʻragan. Viloyatdagi 4ta parrandachilik korxonasi faoliyatini tiklab, ehtiyojmand oilalardagi 650 nafar odamni ishga olish imkoniyati aniqlangan.
Asakadagi ADM Electrics korxonasi avtomobillar uchun 28 turdagi sim oʻtkazgich va multimedia tizimlarini ishlab chiqaradi. Onix, Tracker, Kia Sonet kabi modellarda mahalliylashtirish kengaytirilsa, korxonaning quvvati va daromadi oshishi qayd etildi.