РУ
O’Z
UZS
/
/
Qanday qilib 62 yoshli Tom Kruz 40 yoshdek ko‘rinishni uddalaydi? Navqiron yoshli Gollivud yulduzi haqida hikoya
15.01.2025

Qanday qilib 62 yoshli Tom Kruz 40 yoshdek ko‘rinishni uddalaydi? Navqiron yoshli Gollivud yulduzi haqida hikoya

Qanday qilib 62 yoshli Tom Kruz 40 yoshdek ko‘rinishni uddalaydi? Navqiron yoshli Gollivud yulduzi haqida hikoya

Tom Kruz musiqachi Jared Leto (30 Seconds to Mars) bilan birga go‘yoki keksayish ularga tegishli bo‘lmagan mashhurlar sirasiga kiradi. Aktyor allaqachon 62 yoshga to‘ldi, ammo u ancha yosh ko‘rinadi. Kamiga u hali ham dublyorsiz tryuklani o‘zi ijro etgancha dinamik jangari filmlarda rol o‘ynashda davom etmoqda. Ehtimol, aynan faol hayot tarzi Tomga bunchalik navqiron ko‘rinishiga yordam berayotgandir. Toping.uz taniqli aktyorning karyerasi va suratga olishga nisbatan o‘ziga xos yondashuvini o‘rganib chiqdi.

Deyarli bir zumda mashhur bo‘ldi

Gollivudning bo‘lajak yulduzi Amerikaning Sirakuz shahrida tug‘ilgan. Uning onasi defektolog o‘qituvchi, otasi esa elektrik bo‘lib ishlagan. Tom uchta singlisi bilan birga katta bo‘lgan. Kruzlar oilasi qashshoq yashagan va tez-tez bir shahardan ikkinchisiga ko‘chib yurishgan, shu sababli Tomning har yili yangi maktabga qatnashiga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, ota-onalar bolakay 12 yoshga kirganida ajrashishga qaror qilishadi. Keyinchalik aktyorning onasi ikkinchi marta turmushga chiqadi. Tomning xotirlashicha, uning bolaligi juda og‘ir kechgan: ular har doimgidek ko‘chib yurishgan, shuningdek, otasi bolalarni vaqti-vaqti bilan kaltaklab turgan.

Yuqori sinflarda aktyor teatrda spektakllarda o‘ynay boshlaydi va asta-sekin o‘z karyerasini shu bilan bog‘lashga qaror qiladi. O‘qishni tamomlagach, u Nyu-Yorkka jo‘nab ketadi. Muvaffaqiyat haqidagi hikoyalarda ko‘rincha uchraydiganidek,  Tom dastlab duch kelgan joyda, masalan, restoranda ofitsiant yordamchisi bo‘lib ishlaydi. Ammo shu bilan birga, Kruz uni aktyor sifatida targ‘ib qilgan reklama agentligi bilan ham shartnoma tuzadi.

Tez orada yigitchani payqab qolishadi: uni “Cheksiz muhabbat” (1981) filmidagi kichik rolga taklif qilishadi. Ekrandagi bir nechta boshqa ko‘rinishlardan so‘ng, Tom asosiy qahramon rolini o‘ynagan “Tavakkal biznes” komediyasida muvaffaqiyat qozonadi. Filmning syujeti oddiy: yuqori sinfdagi tirishqoq o‘quvchi ziyofatga borishga qaror qiladi va bu ko‘plab muammolarga olib keladi. Tanqidchilar Kruzning ijrosini yuqori baholashadi, film prokatda ham o‘zini oqlaydi. Eng muhimi - studiyalarda aktyor haqida gapirishni boshlashdi.

 “Tavakkal biznes”

Keyingi filmda Tom o‘sha paytda hali yosh, ammo Gollivud uni “Begona” (1979) qo‘rqinchli filmi tufayli tanigan rejissyor Ridli Skott nazariga tushadi. Yosh aktyor “Afsona” (1985) fantastik filmida rol o‘ynaydi. Biroq haqiqiy yutuq keyinroq ro‘y berdi. Rejissyor Toni Skott (Ridlining ukasi) Kruzni “Mohir mergan” (1986) blokbasteridagi bosh rolga oldi. Film AQSH Harbiy-havo kuchlari akademiyasidaga bag‘ishlangan bo‘lib, unda oddiy uchuvchilarning elita - maxsus tayyorlangan qiruvchi uchuvchilarga aylantirilishi haqida hikoya qilinadi. Jangari film ko‘plab qatlamlardan iborat: samolyotlarning ta’sirchan tasvirga olinishi, romantik yo‘nalish, o‘ziga xos tabiatga ega uchuvchilar o‘rtasidagi xarakterlar kurashi. Film katta xitga aylandi: 15 million dollarlik byudjet bilan u 360 million dollarga yaqin mablag‘ ishladi.

“Mohir mergan” jangari filmini suratga olish jarayonida

Dramatik sahnalar bosqichi

Keyinchalik, allaqachon yulduzga aylanib bo‘lgan aktyor bir necha dramalarda ham chiqish qildi. Aktyor ishtirokidagi bilyard o‘yinchilari haqidagi “Rangdor pullar” (1986) filmini suratga olgan Martin Skorseze (“Taksist”, “Yaxshi yigitlar”, “Uoll-stritdagi bo‘ri”) va ushbu filmdagi bosh rolni o‘ynagan Pol Nyuman o‘z roli uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lishadi, Kruz esa mukofot va nominatsiyalardan quruq qoladi, ammo boshqa narsa muhim edi - uning ishtirokidagi film yana yuqori baholanadi.

 “Yomg‘ir odami”

“Yomg‘ir odami” (1988) filmi bilan ham shunday bo‘ldi. Turli avlod aktyorlari ishtirokidagi yana bir drama: Tom Kruzga Dastin Xoffman hamrohlik qiladi. Kruz ikkita yangilikdan xabardor bo‘lgan yosh va epchil tadbirkor Charlz rolini o‘ynaydi. Birinchi yangilik - uning otasi vafot etadi. Ikkinchisi - u o‘zining barcha millionlarini Charlzga emas, balki autizm daridga chalingan ukasi Reymondga vasiyat qiladi. Qahramonga voqealarning bunday ketishi yoqmaydi va u ukasini klinikadan olib ketadi va uni millionlab dollarlarni o‘ziga yozib berishga ishontiradi. Bu unchalik oson emas, ammo barcha qiyinchiliklarga qaramay, eng muhimi - aka-ukalar yaqinlashadi, Charlz esa o‘z bolaligi va Reymond haqida ko‘p narsalarni bilib oladi. Film nafaqat prokatda yaxshi ketdi, balki to‘rtta “Oskar”ni ham qo‘lga kiritadi. Ulardan biri (mutlaqo loyiq) bosh erkak roli uchun Dastin Xoffmanga nasib qiladi.

Omad Kruzga tom ma’noda kulib boqdi: undan keyin “Momaqaldiroq bo‘lgan kun” (1990) va “Olis-olislarda” (1992) dramalari ham yaxshi baholandi. Ikkala filmda ham Nikol Kidman rol ijro etgan - 1990-yilda u Tomga turmushga chiqadi. Dramatik filmlarda suratga olish davri “Vampir bilan intervyu” (1994) filmi orqali yakunlanadi, bu yerda aktyorning ijrosi yana yuqori baholanadi. Keyin esa jangari filmlar davri boshlanadi.

Blokbasterlarga kirishish

“Uddalab bo‘lmas topshiriq” (1996) josuslik filmlarining asosiy seriyalaridan birini boshlab berdi. Tom Kruz eng murakkab operatsiyalarni bajaradigan uydirma otryad agenti rolini o‘ynaydi. Jamoa texnologiyaga va ishda nostandart yondashuvga teng darajada tayanadi. Albatta, dunyoni qutqarish doimiy ta’qiblar va boshqa xavfli mashg‘ulotlar bilan birga kechadi va mana shu yerda aktyor o‘zini yangi tomondan namoyon qildi. Barcha xavfli sahnalarni Tom kaskadyorlarni jalb qilmasdan, shaxsan o‘zi bajaradi. Bu, shubhasiz, film uchun sug‘urta va xavf-xatar narxini bir necha baravar oshiradi: agar bosh rol ijrochisi jarohat olsa, suratga olish to‘xtatiladi, lekin avvalgidek xodimlarga maosh to‘lash, pavilonlar, uskunalar va hokazolarni ijaraga olish kerak bo‘ladi.

“Uddalab bo‘lmas topshiriq: Quvg‘indilar qabilasi” (2015), franshizaning beshinchi filmi

“Uddalab bo‘lmas topshiriq”ning har bir qismi bir nechta ajoyib epizodlarni o‘z ichiga oladi va ularning aksariyati haqqoniy amalga oshiriladi - kompyuter grafikasi odatda ko‘lamni oshirish va rang-baranglikni kuchaytirishga xizmat qiladi, ammo u haqiqiy tasvirga olishning o‘rnini bosa olmaydi. Kruz qoyaga o‘rmalab chiqadi, Dubaydagi Burj-Xalifa osmono‘par binosining tashqi tomoniga tirmashib ko‘tariladi, uchayotgan samolyotning qoplamasidan ushlab oladi, bitta tomdan ikkinchisiga sakrab o‘tadi, mototsiklda shlyomsiz yuradi, qoyalar orasida parashyutda sakraydi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, qayerdadir aktyor xavfsizlik arqonlaridan foydalanadi, qayerdadir filmda bir necha o‘n soniya uchun oylab mashq qiladi, shuning uchun buni eng yaxshi uskunalar va instruktorlardan foydalanishda xavfsiz deb hisoblash mumkin. Uning sohadagi aksariyat hamkasblari, hatto xavf-xatarlar kamaytirilgan taqdirda ham, bunday qilishga jur’at etmasliklari boshqa masala. Hech bo‘lmaganda Tomning ishiga bunday yondashuvi uchun u tahsinga loyiq. Shunchaki Burj-Xalifa epizodini qanday suratga olishganini ko‘ring - hech qanday yashil ekran va bezaklar yo‘q:

Qiziqishlari va shaxsiy hayoti

Suratga tushishdan tashqari ham Kruz faol hayot tarziga amal qiladi. 1994-yilda aktyor uchuvchi litsenziyasini olgan, u bir nechta samolyotga ega. To‘plamda nafaqat biznes-jetlar, balki Ikkinchi Jahon urushi davridagi P-51 Mustang qiruvchi samolyoti kabi noyob modellar ham mavjud. Kruz, shuningdek, avtomobillarni yaxshi ko‘radi va bir kuni bu kulgili voqeaga olib keldi. Mission Impossible 3 (2006) premyerasiga aktyor yaqinda sotib olingan Bugatti Veyron superkarida (taxminan 2 million dollar) keldi. Tom uchinchi xotini Keti Xolmsga eshikni ochish uchun mashinani aylanib o‘tadi. Lekin eshik qulflangan edi. Yuzlab paparatsi obyektivlari ostida Kruz nihoyat eshik ochilgunga qadar tutqichni bir necha marta tortadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Bugatti ushbu voqeadan so‘ng aktyorni xaridorlarining qora ro‘yxatiga kiritgan.

Aktyorning shaxsiy hayoti bilan esa hammasi ancha murakkabga o‘xshaydi. Tom uch marta aktrisalar Mimi Rojers, Nikol Kidman va Keti Xolmsga uylangan. Xoms bilan ajrashish, aftidan, og‘ir kechdi: Keti sud orqali umumiy qizlariga yolg‘iz o‘zi homiylik qilishga erishdi. Buning sabablari ochiqlanmagan, ammo ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Kruzning uzoq yillik ishtiyoqi - sayentologiya ham ajralishda turtki bo‘lgan. Bu diniy mazmundagi harakat bo‘lib, uning atrofida ko‘p bahs-munozaralar yuradi: ba’zilar oqimni xavfsiz deb hisoblasa, boshqalari uni firibgarlik sxemasida ayblashadi. Kruz sayentologiya bilan uzoq vaqtdan buyon shug‘ullanadi, ammo uning tashkilot ishlaridagi ishtiroki haqida ma’lumotlar yo‘q va u bilan suhbatda odatda ushbu mavzu ko‘tarilmaydi.

Butun karyerasi - hech qanday mag‘lubiyatsiz

Hozir ko‘pchilik aktyorni  “Uddalab bo‘lmas topshiriq”, “Oblivion” (2013), “Kelajak chegarasi” (2014), “Jek Richer” (2012), “Ishtirokchi” (2004), “Olamlar urushi” (2005) kabi jangari filmlar bilan bog‘laydi. Mazkur qiyofa xavfli harakatlarni shaxsan ijro etish haqidagi mashhur faktni ham tasdiqlaydi: baribir, bu o‘lchamdagi tasmalarda emas, balki tomoshabop blokbasterlarda uchraydi. Ammo Kruz haqida faqat jangari filmlar qahramoni sifatida gapirish uning iste’dodini kamsitish bo‘lar edi. Tom “Vanilli samo” (2001), “Magnoliya” (1999), “Qo‘zichoqlar uchun sherlar” (2007) kabi dramatik filmlardagi teran rollariga ham yetarlicha e’tibor qaratgan. U hatto o‘ta kashfiyotchi rejissyor Stenli Kubrikda bosh rolda ham rol o‘ynadi. “Ko‘zlarni qattiq yumgancha” (1999) filmi rejissyorning so‘nggi filmi bo‘lib, Venetsiya kinofestivalida taqdirlangan.

"Ko‘zlarni qattiq yumgancha”

“Uddalab bo‘lmas topshiriq” so‘nggi o‘n yilliklardagi jangarilarning asosiy franshizalaridan biriga aylandi va hozirda “O‘lim jazosi” kichik sarlavha ostida uning sakkizinchi qismi tayyorlanmoqda - film namoyishi shu yilning 21-mayida bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, 1986-yilgi filmning davomi bo‘lgan “Mohir mergan: Meverik” (2022) muvaffaqiyatidan so‘ng, jangari filmning uchinchi qismini chiqarish rejalari tasdiqlandi. 

Kruzning talabi bilan “Mohir mergan: Meverik” filmini suratga olish ishlari jadvaldan minimal darajada foydalangan holda o‘tkazildi. Aktyorlar haqiqatan ham tegishli sahnalarni suratga olish paytida uchuvchi qiruvchi samolyotlarda bo‘lgan - ammo, shubhasiz, ular jangovar samolyotlarni o‘zlari boshqarmagan.

Butun faoliyati davomida Kruz ajoyib tarzda muvaffaqiyatli filmlarni tanlaydi - ular har doim ham o‘zini oqlamasa-da, lekin odatda hech kim Tomning ishiga e’tiroz bildirmaydi. Bundan ko‘rinadiki, 62 yoshda ham aktyor o‘z qiyofasini yo‘qotmagan va tomoshabinlarni yana uzoq vaqt davomida ajoyib filmlar bilan xursand qila oladi.

Bu qiziq

100 dollargacha bo‘lgan eng yaxshi sovg‘alar. QAYERDAN OLAMIZ?
100 dollargacha bo‘lgan eng yaxshi sovg‘alar. QAYERDAN OLAMIZ?
Nafaqat ajoyib sovg‘a: eng yaxshi simsiz quloqchinlarni tanlaymiz
Nafaqat ajoyib sovg‘a: eng yaxshi simsiz quloqchinlarni tanlaymiz
Sharm al-Shayxga 700 dollardan sayohatlar. Batafsil so‘zlab beramiz
Sharm al-Shayxga 700 dollardan sayohatlar. Batafsil so‘zlab beramiz
Buyurtma qoldiring

Bizning menejerlarimiz yaqin orada siz bilan bog‘lanadi.

Rahmat, arizangiz qabul qilindi.