Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida birinchi temiryoʻl sayohat dasturi yoʻlga qoʻyiladi
Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida “Ipak yoʻli” temiryoʻl sayohati turi yoʻlga qoʻyiladi. Olmaota–Turkiston–Toshkent–Olmaota yoʻnalishi boʻyicha birinchi reys 2024-yil 16-noyabr kuni yoʻlga chiqadi. 4 kunlik tur sayyohlarga Buyuk Ipak yoʻli izlari boʻylab sayohat qilish imkonini beradi.
Qozogʻistonda “Ipak yoʻli” temir yoʻl sayohati yoʻnalishi yoʻlga qoʻyiladi. Olmaota–Turkiston–Toshkent–Olmaota yoʻnalishi boʻyicha birinchi reys 2024-yil 16-noyabr kuni yoʻlga chiqadi, deya xabar berdi Qozogʻiston Turizm va sport vazirligi.
“4 kunlik xalqaro temiryoʻl sayohati sayyohlarga qadimiy shaharlar atmosferasiga shoʻngʻish va Buyuk Ipak yoʻli izlari boʻylab sayohat qilish imkonini beradi. Yoʻnalish Turkiston va Toshkentning asosiy diqqatga sazovor joylarini qamrab oladi. Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida tur dasturiga gid hamrohligi, ovqatlanish, transport xizmatlari va kirish chiptalari kiritilgan”, — deyiladi xabarda.
“Birgalikda olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida biz ikki davlatni bogʻlaydigan noyob temiryoʻl sayohatini yaratishga muvaffaq boʻldik. Boy maʼnaviy va tarixiy merosni oʻrganishni xohlovchi boshqa mamlakatlardan kelgan fuqarolar va sayyohlarimiz uchun sayohat yanada qulay va ommabop boʻladi. Bu Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida turizmni rivojlantirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻldi”, — dedi Qozogʻiston turizm va sport vaziri oʻrinbosari Yerjan Yerkinbayev.
Sayohatchilar Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri — muhim savdo tarmogʻi boʻlgan Oʻtrorni koʻrishlari mumkin boʻladi. Sayohat dasturidan Ariston-bobo maqbarasi, “Hazrat Sulton” tarixiy-madaniy qoʻriqxona-muzeyi, Markaziy Osiyodagi eng yirik “Karvonsaroy” sayyohlik majmuasiga tashrif buyurish ham oʻrin olgan. Toshkentda ekskursiya ishtirokchilariga nafaqat tarixiy joylar, balki shaharning zamonaviy taraqqiyoti bilan ham yaqindan tanishish imkoniyati yaratilmoqda.