Samsung Galaxy Z Fold 6 ning maxsus versiyasini taqdim etdi
Janubiy Koreya korporatsiyasi Galaxy Z Fold 6 ning alohida modelini eʼlon qildi. Qurilma oddiy “buklanadigan” modeldan yupqaroq korpusi, kattaroq ekranlari va asosiy kamerasining standart modeldagi 50 megapikselga nisbatan 200 megapiksel aniqlikka ega ekanligi bilan farqlanadi.
50 nafar doʻstingizni taklif eting va iPhone 16 Proʼni yutib oling
AMOLED-displey (oddiy, bukilmaydigan) diagonali 6,3 dyuymdan 6,5 dyuymgacha kattalashgan, asosiy ekran esa endi 8 dyuym boʻlib, tomonlar nisbati 10:9 ga teng. Ikkala displey ham 120 Gerts yangilanish tezligini qoʻllab-quvvatlaydi va tashqi panel Gorilla Glass Victus 2 oynasi bilan himoyalangan.
Qurilma ochiq holatda atigi 4,9 millimetr qalinlikka ega. Biroq, shu sababli S Pen stilusini qoʻllab-quvvatlashdan voz kechishga toʻgʻri kelgan.
Smartfon 16 gigabayt tezkor xotira va 512 gigabayt ichki xotiraga ega. Batareya sigʻimi avvalgidek — 4400 milliamper-soat. Galaxy Z Fold 6 25 vatt quvvatda simli va 15 vatt quvvatda simsiz quvvatlashni qoʻllab-quvvatlaydi.
Galaxy Z Fold 6 Special Edition faqat qora rangda taqdim etiladi. Smartfon hozircha faqat Xitoy bozori uchun eʼlon qilingan va narxi taxminan 2000 dollarni tashkil etadi.
Toping Tech Telegram kanaliga obuna boʻling! Texnologiya va ilm-fan dunyosidagi eng soʻnggi qiziqarli yangiliklar.