Shahzoda qachon ijodga qaytishini maʼlum qildi
Xonanda Shahzoda muxlislari tomonidan doimiy ravishda beriladigan savolga vanihoyat javob qaytardi.
Taniqli xonanda Shahzoda 4 yildan beri ijodiy tanaffusda. U 2020-yildan beri yangi taronalarini muxlislariga taqdim etmayapti.
Koʻplab mahalliy OAV tanaffusga qoʻshiqchining turmush oʻrtogʻi va prodyuseri Ravshan Yoʻldoshevning vafotini sabab qilib koʻrsatadi.
Shahzoda 2024-yil 22-oktyabr kuni 4 yil oldin eʼlon qilingan “Balki” deb nomlangan qoʻshigʻiga ishlangan klipni Instagram sahifasiga joyladi.
Ushbu post ostida xonandaning muxlisasi “Sanʼatga qachon qaytasiz degan savolga javob bergandirsiz. Ammo men yana soʻrayman, biz muxlislaringiz sizni kutyapmiz”, deb yozgan.
Qoʻshiqchi esa ushbu izohga javob qaytargan. “Assalomu alaykum. Inshaalloh”, — deya taʼkidlagan Shahzoda. Ushbu javobdan keyin koʻplab muxlislar uning ijodga qaytishini kutayotganini yozishgan.
Mavzuga doir: Shahzoda: Oʻzbekistonning eng mashhur qoʻshiqchisi biografiyasi, shaxsiy hayoti va soʻnggi yangiliklar haqida
Eslatib oʻtamiz, xonanda Lola Yoʻldoshevaning otasi, “Tarona Records” kompaniyasi taʼsischisi Ravshan Yoʻldoshev (Shahzodaning turmush oʻrtogʻi) 2020-yil 30-mart kuni 59 yoshida vafot etgan.
2022-yilda Shahzoda sanʼatni butunlay tark etgani haqida xabarlar tarqalgan. Ammo bu xabar Shahzodaning oʻzi tomonidan rad etilgan. Uning prodyuseri Davron Muqimov xonandaning ijodga qaytishi oʻzbek shou-biznesida portlash boʻlishini bildirgan.
Asl ismi Zilola Musayeva boʻlgan xonanda 2023-yildan eʼtiboran Oʻzbekistonda faoliyatini boshlagan yetakchi onlayn-marketpleys “Uzum Market”ning brend-ambassadori sifatida tanilgan. U hozirga qadar ushbu onlayn doʻkonlar tarmogʻi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.