Surxondaryolik Dilorom Yoʻldosheva BBC tuzgan dunyoning ruhlantiruvchi 100 ayoli roʻyxatiga kirdi
BBC 2024-yilgi dunyoning eng ruhlantiruvchi va katta taʼsirga ega 100 ayoli roʻyxatini eʼlon qildi. Ular orasida Nobel sovrindori, zoʻravonlikka qarshi faol, aktrisa, olimpiyachilar va denovlik tikuvchi, tadbirkor Dilorom Yoʻldosheva ham bor.
BBC nashri dunyo boʻylab katta taʼsirga ega va ilhomlantiruvchi 100 nafar ayolning roʻyxatini shakllantirdi. 2024-yilgi roʻyxatdan baxtsiz hodisa ortidan 2 oyogʻidan ayrilgan denovlik tikuvchi va tadbirkor Dilorom Yoʻldosheva ham oʻrin oldi.
Nashr bergan maʼlumotga koʻra, 2022-yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi Dilorom Yoʻldosheva oʻrim-yigʻim paytida baxtsiz hodisa tufayli ikki oyogʻidan ayrilgan. U yangi kasb-hunarlarni oʻrganish barobarida pul topishlari uchun oʻzbekistonlik yosh xotin-qizlarga ham koʻmaklashmoqchi boʻlgan, shu bois oʻzining tikuvchilik biznesini ochishga qaror qilgan.
“U tadbirkorlik va resurslarni boshqarish asoslarini oʻrgandi. 40 dan ortiq shogird tayyorladi. Bir necha oyning oʻzida biznesi sezilarli darajada oʻsdi. Bepul mashgʻulotlar oʻtkaza boshladi. Ishchilar va maktab oʻquvchilari uchun kiyim-kechak ishlab chiqarish boʻyicha shartnomalar tuzdi. Oʻshandan beri uning biznesi oʻzi va boshqa oʻnlab ayollar uchun daromad manbaiga aylandi”, — deya keltiriladi ayolga berilgan taʼrifda.