Tailandlik 105 yoshli sportchi musobaqalarda 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi


Tailand sharafini himoya qilgan 105 yoshli sportchi Savang Janpram Tayvanda bo‘lib o‘tgan Butunjahon veteranlar o‘yinlarida (World Masters Games) to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritdi, deb yozadi People.
U musobaqalarda eng keksa sportchi bo‘lib, “100 dan oshganlar” toifasida yagona ishtirokchi edi. Yaʼni u tegishli toifada bosh sovrinni olish uchun faqatgina finishgacha yetib borishi kerak edi. Janpram nayza va disk uloqtirish, 100 metrga yugurish va tosh otish musobaqalarida ham qatnashdi.
Umuman olganda, Janpramning Jahon veteranlar o‘yinlarida 60 ta medali bor. Chempion g‘alabani 73 yoshli qizi Siripan bilan birga nishonladi — u ham musobaqada qatnashib, uchta medalni qo‘lga kiritdi.
Janpram avval maktab direktori bo‘lgan. U nafaqaga chiqqanidan so‘ng, 80 yoshga kirganida sportga qiziqa boshlagan, musobaqalarga esa 90 yoshdan keyin qatnasha boshlagan.
“U 80 yoshga to‘lganida, ko‘plab do‘stlari kasallik tufayli to‘shakka mixlanib qolganini ko‘rdi va shundan so‘ng yengil atletika bilan shug‘ullanishni boshladi”, deyiladi maqolada.
Hozirda 105 yoshli sportchi haftasiga 3-4 marta yugurishga chiqadi va har kuni uyining atrofida sayr qiladi.
Butunjahon veteranlar o‘yinlari har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan xalqaro musobaqadir. Tanlovda 30 yoshdan oshgan shaxslar ishtirok etishi mumkin. O‘yinlarning maqsadi o‘rta va keksa yoshdagi sportchilarni o‘z karyerasini davom ettirishga va salomatligi bilan shug‘ullanishga undashdan iborat.