Telegram Premium O‘zbekistonda qancha turadi va nimalarga qodir: uning afzalliklari va foydalari
Ismingiz yonida eksklyuziv belgi, cheksiz xotira, ovozli xabarlarni matn shakliga o‘tkazish – bu Telegram Premium’ning hamma xususiyatlari emas. Pulli obuna yana qanday imkoniyatlarni taqdim etadi, uni qanday ulash mumkin va bu xizmat o‘z narxiga arziydimi? Keling, hozir buni birgalikda ko‘rib chiqamiz.
Telegram Premium nima?
Telegramning pullik obunasi bo‘lib, foydalanuvchilarga kengroq imkoniyatlar taqdim etadi va bepul versiyadan sezilarli darajada farq qiladi. Ishlab chiquvchilar bu xizmatni “qulay va qiziqarli” qilib yaratganini ta’kidlashadi. U biznes ehtiyojlari va faol foydalanuvchilar uchun juda qo‘l keladi.
Telegram Premium obunasining imkoniyatlari:
- Hikoyalar: cheksiz postlar, birinchi ko‘rsatilish, inkognito rejimi, ko‘rish tarixini saqlash.
- Cheksiz xotira: 4 GB hajmgacha fayllarni yuklash, cheklovsiz bulut xotirasi.
- Ikki barobar limitlar: 1000 ta kanal, 30 ta papka, 10 ta biriktirilgan chat, 20 ta ochiq havola, 4 ta akkaunt va boshqalar.
- Biznes uchun Telegram: manzil, geolokatsiya, ish vaqti, tezkor javoblar imkoniyati.
- Kirish vaqti: o‘z ma’lumotlaringizni yashirish bilan boshqa foydalanuvchilarning oxirgi kirish vaqti va xabarlarni o‘qiganini ko‘rish.
- Ovozni tushunish: kelgan ovozli xabarlarni tezda matn shakliga o‘tkazish.
- Fayllarni tez yuklash: surat, video va boshqa fayllarni cheklovsiz tezlikda yuklash.
- Suhbat davomida tarjima qilish: chet tillaridagi xabarlarni avtomatik tarjima qilish.
- Animatsion emojilar: turli emoji to‘plamlaridan animatsion smayllarni barcha chatlarga yuborish.
- Emoji statuslari: ismingiz yoniga minglab variantlardan birini tanlab emoji qo‘shish.
- Ism va profil rangini o‘zgartirish: profil uchun o‘ziga xos rang va orqa emojini tanlash imkoniyati.
- Chat uchun fonlar: chatlarda eksklyuziv fonlarni o‘rnatish.
- Obuna belgisi: ismingiz yonida Premium obunachisi uchun noyob belgi.
- Xabarlarni cheklash: begona foydalanuvchilar xabarlarini o‘chirish yoki yashirish.
- Chatlarni boshqarish: avtomatik arxivlash, notanish foydalanuvchilar chatlarini yashirish va boshqa imkoniyatlar.
- Telegram belgisi: telefoningiz asosiy ekraniga o‘zgacha ikonalarni tanlash imkoniyati.
- Cheksiz reaktsiyalar: bitta xabarga bir nechta reaktsiya qo‘shish va emoji to‘plamidan cheksiz foydalanish.
- Reklama blokirovkasi: Telegram orqali yuboriladigan reklamalarni o‘chirish.
- Faol video-avatarlar: chatlar va kontakt ro‘yxatlarida harakatlanadigan avatarlar.
- Eksklyuziv stikerlar: maxsus animatsiyali katta stikerlar. Har oy yangi to‘plam qo‘shiladi.
- “Sevimlilar” bo‘yicha qidiruv: xabarlarni teglar bo‘yicha guruhlab tezda topish.
Telegram Premium o‘z qiymatiga arziydimi?
Bu faqat sizning ehtiyojlaringizga bog‘liq. Kimdir cheksiz emoji va stikerlarga muhtoj emas, boshqalar uchun esa bu biznes, hayot yoki o‘zini qadrlash uchun zarur bo‘lishi mumkin.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, Premium obuna profilingizni yanada yorqinroq va boshqalardan ajralib turadigan qiladi, chatlaringiz esa vanihoyat tartibga solinadi. Telegram kanallaringiz dizayni ko‘zni quvontiradi, muloqot esa cheksiz (hatto chet elliklar bilan ham) bo‘ladi.
Biznes haqida: agar siz bloger bo‘lsangiz yoki Telegram kanal yuritayotgan bo‘lsangiz, yoki “onlayn do‘kon” ochgan bo‘lsangiz, Premium Telegram hayotingizni ancha yengillashtiradi. Masalan, siz barcha ma’lumotlar, ish jadvalini ko‘rsatishingiz va shourumingiz joylashuvini belgilashingiz mumkin. Shundan so‘ng, “manzilingiz qayerda” yoki “soat nechchigacha ishlaysiz” kabi savollarga cheksiz javob berishga vaqt sarflamaysiz.
O‘zbekistonda Telegram Premium narxi:
3 oy – 228 ming so‘m
6 oy (30% chegirma) – 290 ming so‘m
1 yil (44% chegirma) – 505 ming so‘m
Telegram Premium’ni qanday ulash mumkin?
Obunani ulash juda oson:
- Telegram Premium’ni ulash juda oson. Buning uchun maxsus verifikatsiya botini ishga tushiring. “Start” tugmasini bosing, shartlarni o‘qing va “To‘lash”ni tanlang. Bank kartangiz ma’lumotlarini kiriting va jarayonni yakunlang. Shundan so‘ng, Telegram Premium barcha imkoniyatlari siz uchun ochiladi!
- Shuningdek, Telegram Premium’ni iPhone qurilmangizda Apple ID orqali faollashtirishingiz va to‘lashingiz mumkin. Buning uchun Telegram ilovasini oching, menyuda Premium bo‘limini toping, obuna shartlarini yana bir bor o‘qib chiqing va to‘lovni amalga oshiring.
- Telegram Premium’ni sovg‘a qilish yoki sovg‘a sifatida olish. Agar kimdir sizga Premium obunani sovg‘a qilmoqchi bo‘lsa yoki siz uni boshqa foydalanuvchiga sovg‘a qilmoqchi bo‘lsangiz, buni ham amalga oshirish mumkin. Bu haqda batafsil ma’lumotni mana bu yerdan o‘qishingiz mumkin.
Telegram Premium’ni qanday o‘chirish mumkin?
Buning uchun yana bir bor Premium Botni oching, chat oynasida “stop” komandasini kiriting. Shundan so‘ng obuna avtomatik ravishda o‘chiriladi.
Telegram Premium’ni o‘chirsangiz nima bo‘ladi?
Telegramning bepul versiyasiga qaytishingizga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimcha chatlar biriktirilgan ro‘yxatdan o‘chib ketadi, qo‘shimcha papkalar saqlanib qoladi, ammo ulardan foydalanish imkoniyati bo‘lmaydi. Sevimli stikerlar va cheksiz GIFlar yo‘qoladi.