Neymar Yevropaga qaytishi mumkin: unga bir nechta klublar qiziqmoqda


Braziliyalik yulduz Neymar faoliyatini yana Yevropada davom ettirishi ehtimoli paydo bo‘ldi. Turkiyaning mashhur “Fenerbahche” klubi 33 yoshli futbolchiga bir yillik shartnoma taklif etgani va unga yana bir yilga uzaytirish imkoniyati qo‘shilganini turk matbuoti, xususan, Fanatik nashri xabar qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Neymar va “Santos” o‘rtasidagi shartnomada futbolchiga Yevropa jamoalariga bepul o‘tish imkonini beruvchi maxsus band mavjud. Istanbul klubi aynan shu huquqdan foydalangan holda Neymarga rasmiy taklif bergan.
Angliyalik jurnalist Kris Antoni ham bu borada o‘z fikrini bildirib, Neymar bilan “Fenerbahche”dan tashqari “Aston Villa” (Angliya) va “Marsel” (Fransiya) klublari ham jiddiy qiziqish bildirayotganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, “Santos” uni saqlab qolish maqsadida yangi shartnoma tayyorlagan.
Eslatib o‘tamiz, Neymar 2025-yil yanvar oyida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubidan erkin agent sifatida “Santos”ga qaytgandi. Joriy mavsumda u 14 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Uning amaldagi shartnomasi iyun oyining oxirida yakunlanadi. *Transfermarkt* portali Neymarni hozirda 12 million yevroga baholamoqda.