TikTok blogeri yangi challenj boshladi va zumerlarni tejashga o‘rgatmoqda. “Xaridlarsiz yil” nima ekanini tushuntiramiz


No Buy 2025 trendi bilan tanishing: bu Wildberries kabi marketpleyslarni larzaga solmoqda va blogerlarni ongli xarid qilishga chorlaydi. Trend uchun kerakli narsa — impulsiv xaridlardan voz kechish, iste’mol odatlaringizni qayta ko‘rib chiqish va pulga bo‘lgan munosabatingizni tubdan o‘zgartirish.
No Buy 2025 nima va bu trend qayerdan paydo bo‘ldi?
Avvalo, No Buy 2025 — “Xaridsiz yil” degani. Bu trendni TikTok blogeri Miya Uestrap (@miawestrap) 2023-yil dekabrida o‘ylab topgan. Qiz bir yil davomida o‘zini moliyaviy jihatdan nazorat qilishga qaror qildi: “takeaway” qahva, nosog‘lom ovqatlar, pullik obunalar va boshqa mayda, lekin muntazam xarajatlarsiz yashashga harakat qildi. Bularning barchasi — moliyaviy odatlarini tahlil qilish va “qora kun” uchun tejash maqsadida qilindi.
Miya yiliga 24-35 ming funt daromad topsa ham, pulning qayerga ketayotgani noma’lum edi — hamda u buni o‘zgartirishga qaror qildi va bunga erishdi.

2025-yil boshida Mia natijalarni e’lon qildi: u yil davomida 7700 funt tejashga muvaffaq bo‘lgan. Ko‘plab obunachilar bundan ilhomlanib, o‘zlari ham shu “moliyaviy hushyorlik” marafoniga qo‘shilishgan.
Miya o‘z amaliyotini 2025-yilda ham davom ettirdi va obunachilarni ham challenjga qo‘shilishga taklif qildi. Ammo ular quyidagi shartlarga rozi bo‘lishlari kerak edi:
- Gigiyena vositalari va kiyim-kechakni faqat eski narsalar butunlay eskirgach sotib olish
- O‘zi bilan olib ketiladigan qahva, choy va boshqa ichimliklardan voz kechish
- Ovqatni faqat uyda tayyorlash, yetkazib berish xizmatlaridan foydalanmaslik
- Tayyor ovqat to‘plamlarini (masalan, sendvich, somsa, bento) xarid qilmaslik
- Uy uchun dekoratsiya buyumlari sotib olmaslik
- Kitob xarid qilmaslik (agar kutubxonada bo‘lsa, o‘sha yerda o‘qish)
- Kosmetika mahsulotlariga pul sarflamaslik

Xaridsiz yilni qanday o‘tkazish mumkin? No Buy tizimiga amal qilganlarning layfxaklari:
1. Xarajatlaringizni tahlil qiling
“Pul — dushman emas, balki ittifoqchi”, — deydi Miya. Birinchi qadam — oxirgi oylardagi bank harajatlaringizni tahlil qilishdan boshlang. Keraksiz obunalardan voz kechib, u bir oyda bir necha yuz funt tejagan.
2. Bor narsangizni baholang
@thestyleaudit taxallusli Hannaning aytishicha, u 1 yil davomida yangi kiyim sotib olmagan. “Avvallari shkafim bo‘shdek tuyulardi. Endi esa u to‘la ekanini ko‘ryapman”, — deydi u. Bu yondashuvni kitoblar, o‘yinlar va boshqa buyumlar uchun ham qo‘llash mumkin.
3. Uydan och chiqmang
Bu impulsiv xaridlarning universal oldini olish usuli. Jurnalist Halima Jibril shunday deydi: “Kun davomida hech nima sotib olmasam, o‘zimni go‘yo iste’molchilarning burchini bajarmagandek his qilaman”.
4. Real reja tuzing
No Buy’ning asosiy g‘oyasi — o‘zini qiynash emas, balki onglilik. Agar Netflix sizga xursandlik keltirsa yoki Yandex Go vaqtni tejasa — ulardan voz kechish shart emas. Har kim bu tizimni o‘z hayotiga moslashtirishi kerak.

5. Low-buy ro‘yxati tuzing
To‘liq taqiq emas, balki chegaralangan ruxsat bilan xarid qilish. Uchta kategoriya bo‘lishi mumkin:
Qizil ro‘yxat — to‘liq taqiq (gazli ichimlik, saqich, “takeaway” qahva)
Sariq ro‘yxat — ruxsat etiladi, ammo sharti bilan (masalan: kino — lekin popkornsiz)
Yashil ro‘yxat — hech qanday cheklovlarsiz ruxsat beriladi (dori-darmon, tibbiy ko‘rik, asosiy oziq-ovqatlar)
6. Muvozanat — muvaffaqiyat kaliti
Bloger Elisiya Berman o‘z rejasiga nafaqat taqiqlarni, balki ayrim ruxsatlarni ham kiritgan — masalan, manikyur.
“Kichik yengilliklar umumiy cheklovlarga rioya qilishga yordam beradi,” — deydi u.
8. Xatolar uchun o‘zingizni ayblamang
Impulsiv xaridlar yuz berishi mumkin. Miya bir safar ilgari rad etgan kiyimni sotib olganini tan oladi. Muhimi — ongli yondashuv: agar buyum kerakli va foydali bo‘lsa, bu muvaffaqiyatsizlik emas.
“Keraksiz xarajatlarsiz bir kun o‘tkazish — hech narsa qilmaslikdan yaxshiroq”, — deydi u. Xatolik — butun niyatdan voz kechish uchun bahona emas. Muhimi — o‘zgarishga intilish.