Toshkentda “tungi hayot”ga ruxsat berilishi mumkin. Unda nimalar boʻladi?
Toshkent shahrida tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan dastur ishlab chiqildi. Endilikda 24/7 ishlaydigan kafelar va klublar paydo boʻlishi mumkin.
Strategik islohotlar agentligi Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga doir loyihani taqdim etdi.
Dasturda aytilishicha, Toshkent shahrida hozirga qadar 2 ta 24 soat faoliyat olib boradigan gastronomik koʻchalar (Sultonali Mashhadiy va Taras Shevchenko) mavjud boʻlib, yana 8 ta koʻchalarni gastronomik koʻchalarga aylantirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, viloyat rahbarlariga turistlar uchun dam olish dasturlarini tasdiqlash orqali savdo-koʻngilochar va umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati tungi vaqtda cheklanishiga yoʻl qoʻyilmaydigan zonalarni aniqlash vakolati berilgan.
Shunga qaramasdan, Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi qadam sifatida amalga oshirilishi lozim boʻlgan imkoniyatlar chetda qolib, bir nechta koʻchalarni gastronomik koʻchalarga aylantirish chora-tadbirlari bilan cheklanib qolinmoqda.
Shu bois Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqilgan:
- 2025-yil 1-fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish.
- Tungi iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash maqsadida har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini taʼminlash va tunda faoliyat olib boruvchi maskanlarning ish vaqti bilan bogʻliq cheklovlarni bekor qilish.
- Toshkent shahrida turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish.
- Tungi iqtisodiyot rivojlantirilishi rejalashtirilgan shaharlarning har birida jamoat transportini 24 soatlik rejimga oʻtkazish.
- “Tungi Toshkent” elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yoʻnalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida maʼlumot olish imkonini yaratish.
- Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizatsiya qilish, koʻchalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish.
Prezidentning “Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi qonuni loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi, deyiladi xabarda.