РУ
O’Z
UZS
/
/
Umida Mirhamidova shaxsiy hayotiga oid bir nechta sirlarni fosh qildi
22.01.2025

Umida Mirhamidova shaxsiy hayotiga oid bir nechta sirlarni fosh qildi

Umida Mirhamidova shaxsiy hayotiga oid bir nechta sirlarni fosh qildi

Xonanda Umida Mirhamidova “Milliy” telekanaliga bergan intervyusida uyi bilan bogʻliq qiziqarli voqeani soʻzlab berdi.

— Hozirgi uyimni birinchi topgan pullarimga sotib olganman. Oʻsha yillari oilamizning boshiga mushkul ish tushib, orada ukamning ham qattiq mazasi boʻlmay qoldi. Shunday vaziyatda mana shu xonadonimni sotib, qoʻlimda qolgan ozgina pulga boshqa joydan 2 xonali uy olib chiqib ketganman.

Bu xonadon sotilishidan avval oʻsha “Oq atirgullar” qoʻshigʻimizning klipida ishlatilgan juda chiroyli sunʼiy atirgullar boʻlardi. Gullarni chiroyli idishga solib, yoʻlakka qoʻyib qoʻygandik. Uyga kelgan hamma mehmonlarning koʻzi birinchi oʻsha gullarga tushardi. “Voy, oʻsha klipdagi gullarku”, deyishardi. Uyni sotganimda hamma narsa chiqib ketgan. Hamma narsani tarqatvorganman.

8 yil davomida Yunusobod tumanida yashab keldik. Bu uyimga qaytib kelishim moʻjiza boʻlgan. Haligacha hayratlanib gapiraman. Oʻshanda uyni sotganimda men yoʻlakda turib, uyim bilan xayrlashganman, “men seni tashlab ketmoqchi emasdim, mendan xafa boʻlma, men, albatta, qaytib kelaman”, deb yigʻlaganman. Bir oy ichida sotilib ketgan boʻlsa, shu vaqt ichida mana shu uy koʻkarib ketgan. Xafa boʻlganidanmi, shu uyning energiyasi tugab qolganidanmi, bilmadim.

Bir oy ichida koʻchib chiqib ketdik, lekin uyimni sogʻinib 8 yil yigʻladim. Qoʻshnilarim bilan juda ham inoq edik. Shu yillar ichida uch marta uyning egasi almashdi. Boshqa uy olish uchun harakatda yurgan paytimizda qoʻshnilarimdan qoʻngʻiroq boʻldi: “Umida, uyingiz sotilyapti”, deyishdi.

Shunaqangi yugurib kelib, 10 daqiqa ichida ishimiz hal boʻldi. 15 kundan keyin uyimga qaytib koʻchib kirdim. Qanday yigʻlab chiqib ketgan boʻlsam, shunday yigʻlab qaytib keldim. “Uyim, assalomu alaykum, men qaytib keldim, ishonganmiding qaytishimga?”, deb yana yigʻladim. Mana hozir sevimli uyimda yashayotganimga 3 yil boʻldi.

Umida Mirhamidova oʻgʻlini uylantirgan boʻlsada oʻzini qaynonadek his etmayotgani hamda kelini amerikalik ekani haqida soʻzlab berdi. 

— Toʻy qilganga 40 yil tegma, degan gap bekorga aytilmagan ekan. Chunki yugur-yugurlarga nafaqat pul, balki sogʻliq ham ketib qolar ekan. Juda charchar ekansiz. Men oʻzimga kelishim uchun 2 oy vaqt kerak boʻldi. Toʻgʻrisini aytsam oʻzimni qaynonadek his etmayapman hali.

Baʼzilar, “hali vaqt bor, ozgina vaqt oʻtsin boshlanadi hammasi”, deydi. Hamma narsaning boshlanishi goʻzal boʻladi, ishqilib oxiridan suyintirsin. Kelinim meni televizorda qattiqqoʻl qaynona obrazida koʻp koʻrgani uchun hayotda ham shunaqa deb oʻylagan ekan. “Onajon, men sizni qoʻliga yelpigʻichlar olib oʻtiradigan qaynona boʻlsangiz kerak, deb oʻylagandim”, dedi.

Kelinim Oʻzbekistondan emas. U AQSHning Nyu York shahrida tugʻilib oʻsgan. Qudalarim bilan uzoq yillardan beri tanishmiz. Hech qachon uzoq yurtdan kelib qilaman, deb oʻylamagandim. Lekin taqdir taqozosi. Kelinimdan uyingizni sogʻinmayapsizmi, deb koʻp soʻrayman. “Yoʻq, Toshkent menga juda yoqadi”, deydi. Mana yaqinda uyiga borib keldi 1 oyga. Uzoq boʻlgani uchun bundan kam muddatga bora olmaydi, deydi xonanda.

Buyurtma qoldiring

Bizning menejerlarimiz yaqin orada siz bilan bog‘lanadi.

Rahmat, arizangiz qabul qilindi.