Abduqodir Husanov ishtirokidagi oʻyinlar mahalliy telekanalda namoyish etilishi mumkin


Futbol boʻyicha Angliya Premyer Ligasi Oʻzbekistondagi mahalliy telekanalda namoyish etilishi mumkin. Bu haqda sharhlovchi Otabek Joʻrayev oʻzining Telegramdagi sahifasida maʼlum qildi.
“Zoʻr TV APL doirasidagi Abduqodir Husanov ishtirokidagi oʻyinlarni namoyish etadi! APLning har turida kanal tomonidan ikkita uchrashuv translyatsiya qilinadi. Birinchi oʻyin bu, tushunarli — Manchester Siti oʻyini. Ikkinchisi esa Liverpul, Arsenal, Chelsi, Manchester Yunayted, Tottenhem yoki boshqa ingliz brendi ishtirokidagi oʻyin”, deb yozgan Sport TV va Futbol TV sharhlovchisi Otabek Joʻrayev.
Futbol boʻyicha Ispaniya chempionati bahslarini aynan shu kanalda sharhlab borayotgan Davron Fayziyev bu maʼlumotlar rasmiy kuchga emasligini taʼkidladi.
“Bu maʼlumot hali rasmiy emas. Ha, Zoʻr TV bugungi kunda barcha futbol muxlislari koʻrishni xohlayotgan “Siti” va APLning boshqa top klublari oʻyinlarini namoyish etish uchun harakatda. Biz ham bu ijobiy hal boʻlishini kutyapmiz. Bu jarayon qiyinroq, aslida. Mayli, kuzataylikchi”, deydi sharhlovchi Davron Fayziyev.
Maʼlumot uchun, APL oʻyinlari Oʻzbekistonda soʻnggi bor UzReport va Futbol TV tomonidan mamlakat hududida namoyish qilingandi.