Amir Temurning dunyo xirojiga teng javohiri. Afsona va haqiqat


Bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida oʻzbek xalqiga tegishli boʻlgan noyob boyliklar, bebaho xazinalar, moddiy va maʼnaviy meros namunalarini uchratish mumkin. Shulardan biri Buyuk Britaniya qirollik saroyida saqlanayotgan, bir vaqtlar Sohibqiron Amir Temurga tegishli boʻlgan qimmatbaho tosh – “Temur yoquti”dir.
Ushbu 361 karat (72 gramm) vaznga ega boʻlgan javohir mutaxassislarning fikricha, yoqut emas, balki laʼl toshi hisoblanadi. Oʻz zamonasida benihoya qimmat baholangan ushbu tosh oʻrta asrlarda “Xiroji olam” – yaʼni, dunyoning xirojiga teng deb nomlangan.
Qimmatbaho javohirning sirli tarixi
Har bir qimmatbaho tosh oʻz tarixiga ega. “Temur yoquti” ham asrlar davomida talotoʻplarga, hatto qonli urushlarga sabab boʻlib kelgan. Uning yuzasiga mohir zargar va hattotlar tomonidan oltita hukmdorning — Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Shoh Abbos, Jahongir, Shoh Jahon va Ahmadshohning ismlari oʻyib yozilgan. Biroq bu javohir aslida koʻplab sulolalar va hukmdorlarning qoʻlidan qoʻlga oʻtgan. U haqida koʻplab afsona va rivoyatlar ham mavjud.

Qalpoq ichidagi xazina
17-asrda yashagan gollandiyalik botanik Rumfiy yozib qoldirgan afsonaga koʻra, qadimiy Ambolin orolida tugʻilgan chaqaloqning beshigiga bir ilon tirmashib chiqib, uning yostigʻi yoniga katta qizil javohirni qoʻyib ketgan. Buni koʻrganlar bolaning kelajagi buyuk boʻlishini anglab yetishgan. Yillar oʻtib, orolda fitna boshlanganda, shahzodaning tarafdorlari uni yashirishga harakat qilgan. Bola esa, boshqalarga zarar yetkazmaslik uchun oroldan qochishga qaror qilgan.
Javohirni oʻzi bilan qanday olib chiqish haqida uzoq oʻylagan bola misdan yupqa qalpoq yasattirib, uni kichik teshiklar bilan qoplagan. Keyin sochini butunlay oldirib, javohirni qalpoq ichiga yashirib, uni boshiga kiyib olgan. Vaqt oʻtib, sochi teshiklardan oʻsib chiqib, qalpoqni sezilmas darajaga keltirgan. Shu tariqa, u oddiy darvish koʻrinishida orolni tark etgan.

Sohibqironning tojini bezagan javohir
Bu yigit keyinchalik qayerlarga borgan, qanday sarguzashtlar boshidan kechirgan — bu tarixga qorishib ketgan. Ammo javohir uzoq yillar Siam (hozirgi Tailand) qirollarining qoʻlida boʻlib, keyinchalik Dehliga yetib kelgan. Qirollar, rojalar va sultonlar ushbu javohirni qoʻlga kiritish uchun urushlar qilgan, qon toʻkishdan ham qaytmagan.
1398-yilda Amir Temur Hindiston yurishidan soʻng ushbu qimmatbaho javohirni ham oʻz xazinasiga qoʻshgan. U javohirning tarixi va gʻayrioddiy xususiyatlari bilan qiziqib, unga sayqal berib, oʻz tojiga oʻrnatgan. Tojga “Amir Temur Koʻragon” degan yozuv tushirilgan. Ayrim manbalarga koʻra, Sohibqiron umrining oxiriga qadar ushbu javohirni boshidan tushirmagan.

Shohlardan shohlarga oʻtgan javohir
1407-yilda Amir Temur vafotidan soʻng javohir uning oʻgʻli Shohrux Mirzoga oʻtgan. Keyinchalik esa Mirzo Ulugʻbek “Temur yoquti”ni oʻziga olgan va unga “Mirzo Ulugʻbek ibn Shohrux” deb oʻyib yozdirgan.
Keyinchalik, javohir qandaydir yoʻl bilan safaviylar saroyiga borib qolgan. Shoh Abbos (1587–1629) nomining toshga oʻyib yozilgani bunga ishora qiladi. Shoh Abbos esa uni Boburiylar sulolasiga mansub Jahongir podshohga tuhfa qilgan. Jahongir esa oʻz va otasining ismini javohirga oʻyib yozdirgan, hatto avvalgi ismlarni oʻchirib tashlagan.

Shoh Jahon ham “Temur yoquti”ga ega boʻlib, oʻz ismiga “Sohibqironi soniy” (Ikkinchi Sohibqiron) degan unvonni qoʻshgan. Keyinchalik, uning oʻgʻli Avrangzeb davlat toʻntarishi amalga oshirib, otasining xazinalarini oʻz qoʻliga olgan va javohirga oʻz ismini yozdirgan. 1739-yilda Nodirshoh Hindistonni zabt etib, “Koʻhinur” bilan birga “Temur yoquti”ni ham oʻziga olgan.
Angliya Qirollik xazinasidagi javohir
Ahmadshoh Durroniy nomining javohirda uchrashi bu qimmatbaho tosh Afgʻoniston hukmdorlari qoʻliga tushganini koʻrsatadi. Ahmadshohning oʻgʻillari orasidagi taxt talashuvlari tufayli javohir bir necha bor qoʻldan qoʻlga oʻtgan. Nihoyat, Panjobdagi Ranjit Singx javohirni qoʻlga kiritgan va uni shaxsiy xazinasida saqlagan.
1849-yilda Lahor inglizlar tomonidan bosib olinganda, “Koʻhinur” va “Temur yoquti” Angliyaga olib ketilgan. Ayrim taxminlarga koʻra, Ranjit Singxning oʻgʻli Dilip Singx javohirni Angliya qirolichasi Viktoriyaga tuhfa qilgan.

1853-yilda “Temur yoquti” qirolicha Viktoriyaning shaxsiy zebigardoniga oʻrnatildi va bugungi kunda Bukingem saroyining “Hindiston xonasi”da saqlanmoqda. Bu afsonaviy javohir asrlar davomida koʻplab hukmdorlarning tojini bezagan, talotoʻplarga sabab boʻlgan va nihoyat Buyuk Britaniya qirollik xazinasining bir qismiga aylangan.