Auksionda eng qimmat avtoraqam 712,1 mln so‘mga sotildi


28-may kuni avtoraqam.uzex.uz savdo platformasida oʻtkazilgan onlayn auksionda jami 617 ta avtomobil raqami sotildi. Bu haqda Respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Sotilgan raqamlarning 584 tasi jismoniy shaxslar, qolgan 33 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan xarid qilindi. Auksionda eng arzon avtoraqam 1,9 million soʻmga sotilgan boʻlsa, eng qimmat “chiroyli” avtoraqam 712,1 million soʻmga xarid qilindi.
Bu koʻrsatkich 20-may kuni oʻtkazilgan auksiondagi rekord narx — 722,3 million soʻmga yaqin. Savdoni yakunlash uchun xaridor toʻlovni amalga oshirishi va avtoraqamni roʻyxatdan oʻtkazishi kerak.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning 24-dekabr kuni oʻtkazilgan auksionda “chiroyli” avtoraqam rekord darajada qimmat — 965,3 million soʻm yoki 75 ming dollarga sotilgandi. Bu undan bir kun oldingi rekord koʻrsatkichga nisbatan 75 foizga yuqoridir.