Avtobus, temiryoʻl va aviachiptalar uchun yagona turizm platformasi yaratiladi
Oʻzbekistonda 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Milliy turizm yagona platformasi sinov tariqasida ishga tushiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining “Turizm sohasini raqamlashtirish va turistik xizmatlarni yagona platformaga birlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaror ida koʻzda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, platformada avtobus, avia va temiryoʻl chiptalari, madaniy meros obyektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish imkoni yaratiladi.
Platforma 2025-yil 1-dekabrdan boshlab toʻliq ishlga tushadi.
Bundan tashqari, platformaga quyidagilarni kiritish rejalashtirilmoqda:
- sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va baholash;
- respublikadagi turoperatorlar va turagentlar xizmatlari, shu jumladan, sayyohlarga gid, gid-tarjimon, yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi, ekskursiya yetakchilari xizmatlaridan foydalanish;
- xalqaro va milliy toʻlov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish;
- turizm sohasiga oid statistik hisobotlarni yuritish va real vaqt rejimida tahlil qilish.
Shuningdek, mazkur dastur orqali yoʻnalishsiz taksi va avtotransport vositalari ijarasi xizmatlaridan foydalanish ham mumkin boʻladi.
Milliy turizm yagona platformasini ishlab chiqish, texnik qoʻllab-quvvatlash va takomillashtirib borish Turizm qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Platforma operatori qonunchilikda belgilangan tartibda xarid qilish tartib-tamoyillari natijalariga koʻra tanlab olinadi. Operator maʼlumotlarining 14 ta xorijiy tilga tarjimasini taʼminlab borishi kerak.
Dasturda joylashtiriladigan maʼlumotlar bazasi mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan holda yuritiladi.