Dam olish kunlari O‘zbekiston hududida quruq va issiq ob-havo kuzatiladi


O‘zbekiston hududining katta qismida dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmayapti, deya ma’lum qilmoqda O‘zgidromet xizmati.
Juma kuni kunduzi mamlakat hududi bo‘ylab hali ham salqin va nisbatan nam havo oqimlari harakati davom etadi. Ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Biroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida havo quruq bo‘lib qoladi. Harorat kunduz kuni +25…+28 daraja atrofida, janubiy hududlarda esa +30…+33 darajagacha ko‘tariladi.
Shanba va yakshanba kunlari asosan Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida qisqa davom etuvchi yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati asta-sekin ko‘tarilib boradi: shanba kuni +28…+31 daraja, yakshanba esa +32…+35 darajagacha yetishi kutilmoqda.
Mamlakatning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida shamolning tezligi 13−18 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Ayrim hududlarda chang-to‘zonli holatlar kuzatilishi ehtimoli mavjud. Tog‘li va tog‘oldi hududlarda ba’zan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, kuchli yomg‘irlar sel yoki suv toshqini xavfini yuzaga keltirishi mumkin.
Toshkent shahrida bugungi kun kunduzi havo biroz bulutli bo‘lib, vaqti-vaqti bilan ochilib turadi. Kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +26…+28 darajani tashkil etadi.
Shanba va yakshanba kunlari poytaxtda havo kam bulutli, yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat shanba kuni +28…+30 daraja, yakshanba kuni esa +29…+31 darajagacha ko‘tariladi. Shamol sharqdan 3−6 m/s tezlikda esadi, bugun esa kunning ikkinchi yarmida ba’zi hududlarda 8−10 m/s gacha kuchayishi mumkin.