Botir Qodirov: tarjimai holi, yoshi, shaxsiy hayoti va xonanda haqida qiziqarli faktlar
Soʻnggi yillarda atrofida koʻplab shov-shuvlar yuzaga kelgan sohirnafas xonanda Botir Qodirovning hayoti va ijodi haqida barcha qiziq maʼlumotlar.
Botir Qodirovning yoshi
2024-yilda Botir Qodirov oʻzining 43 yoshga toʻlishini nishonladi. Qodirov 1981-yil 6-mayda tugʻilgan. Burj belgisiga koʻra u Buzoq. Bunga sanʼatkorning shijoati va yorqin koʻrinishi ham guvohlik beradi.
Botir Qodirovning tarjimai holi
Botir Sheraliyevich Qodirov — taniqli oʻzbek qoʻshiqchisi. Shou-biznes sohasida 2005-yildan buyon professional sanʼatkor sifatida faoliyat yuritadi. Pop va folklor janrida ijod qiladi. Madaniyat va sanʼat fidokori koʻkrak nishoni sohibi.
2019-yilda Xitoyda oʻtgan XVIII Xalqaro Pekin festivalida Oʻzbekiston vakillari, yaʼni Botir Qodirov ijodiy jamoasi oliy mukofotni qoʻlga kiritgan.
Botir Qodirov sanʼatkorlar oilasida tugʻilib oʻsgan. Bolaligidanoq qoʻshiq kuylashga ishtiyoqmand boʻlgan va sanʼat taʼsiri ostida ulgʻaygan. Oilasining deyarli barcha vakillari sanʼatkor boʻlishgan. Ona bobosi Nabijon Qodirov bastakor hamda changchi sozanda boʻlgan.
Ona buvisi Tojixon Axmedjonova Andijondagi Oxunboboyev nomli teatrda aktrisa boʻlib ishlagan. U Botir Qodirovning sanʼat sohasidagi ilk ustozi edi. Kichkinaligida sanʼat haqida ilk tushunchalarni buvisidan olgan. Onasi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan aktrisa Zulxumor Qodirovadir.
Botir Qodirov maktabni tamomlagandan soʻng 2000-yil Toʻxtasin Jalilov nomidagi Andijon davlat sanʼat bilim yurtida tahsil olgan. U yerda andijonlik, maqom yoʻnalishidagi qoʻshiqlar ijrochisi Azizbek Zaynobiddinovga shogird tushgan. Keyin esa Toshkent davlat madaniyat institutining anʼanaviy xonandalik fakultetiga oʻqishga kirgan.
Ashula va raqs estrada boʻlimida tahsil olgan. Institutda Orolmirzo Safarov, Rahmatjon Tursunov kabi ustozlardan tahsil olgan. Keyinchalik taniqli oʻzbek bastakori Musaxon Nurmatovdan milliy estrada yoʻnalishidagi qoʻshiqchilik sirlarini oʻrgangan. Institutni 2005-yil bitirgan.
Botir Qodirovning ijodiy karyerasi
Botir Qodirov 2005-yildan boshlab professional sanʼatkor sifatida televideniye va radioda oʻzining ilk qoʻshiqlarini ijro eta boshlagan. Qoʻshiqchi ilk yakkaxon konsertini 2006-yilda bergan va keyinchalik koʻplab musiqiy albomlar chiqargan.
Xit taronalari “Seni oʻylayman”, “Adashdim” qoʻshiqlari boʻlib, bugungi kungacha xonandaning 60 ga yaqin qoʻshiq, 10 ga yaqin klip va 4 ta albomi muxlislarga taqdim etilgan. Pop, folklor janrida ijod qiladi.
2019-yilda Xitoyda oʻtgan XVIII Xalqaro Pekin festivalida Oʻzbekiston vakillari, yaʼni Botir Qodirov ijodiy jamoasi oliy mukofotni qoʻlga kiritdi. Botir Qodirov 2020-yilda Madaniyat va sanʼat fidokori koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Qoʻshiqlari: “Diydor uchun”, “Yiqildim yomon”, “Ishon”, “Ishq”, “Sogʻinganda yigʻlaysanmi?” “Ona“, “Sevib qolganman”, “Adashdim”, “Men otamni sogʻinganda”, “Bandasi bor etolmas” “Yonaman”, “Yuragim duk duk uradi”, “Sevib qolganman yomon”, “Muhabbat keladi”, “Goʻzalsan”, “Yomon koʻraman”, “Jim turing”, “Shukrona”.
Botir Qodirovning shaxsiy hayoti
Xonanda YouTubeʼdagi “Chotki TV” kanaliga bergan intervyusida otasi tomonidan tan olinmagani va farzandlarining soni haqidagi savollarga javob bergandi.
Oʻz vaqtida tan olinmagan farzandman. Oʻsha paytda katta oila qilishni va ularni adolat bilan boshqarishni niyat qilganman. Hozirgi kunda 15 nafar farzandim bor va ularning har biridan faxrlanaman. Toʻgʻri, ular bitta onadan emas, ammo ularning hammasini tan olaman.
Farzandlarimning bari bir-birini tanishadi va doʻstona munosabatda boʻlishadi. Boshqa oilamdan boʻlgan farzandlarim birinchi oilamga kelib, bemalol oʻynashadi. Farzandlarim uchun albatta vaqt ajrataman. Ularning barini yigʻib, istirohat bogʻiga yoki ovqatlanishga olib boraman, deydi sanʼatkor.
Botir Qodirovga Sherali Joʻrayevning qoʻshiqlarini kuylashni taqiqlashgani va bu huquq faqat Shohjahon va Zohirshoh Joʻrayevga berilgani haqida aytib oʻtgan.
2024-yilda Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudida xonanda Botir Qodirovning otalikni belgilash haqidagi daʼvosi yuzasidan sud qarori oʻqildi. Sud Botir Qodirovni Sherali Joʻrayevning oʻgʻli deb topgan.
“Botir Qodirovning javobgarlar Joʻrayev Shoxjahon Sherali oʻgʻli va Joʻrayev Zohirshox Sherali oʻgʻliga nisbatan otalik faktini belgilash haqidagi daʼvo arizasi qanoatlantirilsin. Marhum, 2023-yil 4-fevralda vafot etgan Sherali Joʻrayev 1981-yil 5-mayda tugʻilgan Qodirov Botir Sheraliyevichga nisbatan otalik fakti belgilansin”, deya sud qarorini oʻqigan ishni koʻrgan sudya.
Shuningdek, qarorda Botir Qodirovning Andijon shahar FHDY boʻlimida 1983-yil 11-mart 12-son bilan qayd etilgan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi ota ustuniga “Sherali Joʻrayev, 1945-yil tugʻilgan, millati oʻzbek” deb koʻrsatish ham belgilangan.
Sherali Joʻrayevning oʻgʻli Zohirshox Joʻrayev bilan bogʻlanib, sud qaroriga nisbatan munosabat soʻralgan. Xonanda hal qiluv qarori gʻayriqonuniy ekanini, dalil va isbotlar yetarli boʻlmay turib, bunday qarorga kelinganini, shu bois uning ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilishini maʼlum qilgan.
Botir Qodirov hayotiga oid sirlar
Taniqli qoʻshiqchi Botir Qodirov 26-oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi amfiteatrda konsert berdi. Xonanda dastur davomida oʻzining bir qancha hit taronalarini ijro etib, muxlislari bilan samimiy muloqotga kirishdi.
U zalda yigʻilganlar bilan suhbatlashar ekan, ularga bir haqiqatni aytishini bildirgan. “Men bundan 43 yil oldin Tojikistonning Dushanbe shahrida tugʻilganman”, — dedi sanʼatkor.
U konsert davomida Sherali Joʻrayevning qoʻshigʻini ham ijro etgan. Shuningdek, repertuardan oʻzbek xonandalarning bir nechta mashhur qoʻshiqlari oʻrin olgan.
Botir Qodirovga oid yangiliklar
Botir Qodirov 2024-yilda koʻplab shov-shuvlarga sabab boʻlgan ijrochi hisoblanadi. U marhum sanʼatkor Sherali Joʻrayevning oʻgʻli ekanini daʼvo qilib, sudga murojaat qilgandi.
Aka-uka Joʻrayevlar esa Qodirov faqatgina merosga sherik boʻlmoqchi ekani, ammo ularning dadasi uni oʻz oʻgʻli deb aytmaganini bildirgan. Bu holat fonida juda koʻp turli shov-shuvli xabarlar tarqaldi.
11-sentyabr kuni Botir Qodirov Sherali Joʻrayevning oʻgʻli ekani sud tomonidan rasman tasdiqlangandi. Ammo Joʻrayevning farzandlari Shohjahon va Zohirshoh bu maʼlumotni rad etishini aytib, sudga apellyatsiya berishini bildirgan.
Shundan soʻng Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan toʻylardan birida xonanda Botir Qodirov marhum sanʼatkor Sherali Joʻrayevning toʻngʻich oʻgʻli deb tanishtirilgan. Toʻyda boshlovchilik qilgan soʻz ustasi Avaz Oxun Qodirovni davraga taklif qilar ekan, uni Oʻzbekiston xalq artisti, sohirnafas xonandaning farzandi deya tanishtirgan.