РУ
O’Z
UZS
/
/
Toping.uzʼda afisha: Mastona dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
25.10.2024

Toping.uzʼda afisha: Mastona dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi

Toping.uzʼda afisha: Mastona dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi

Kuzning ikkinchi oyi ham tugab bormoqda. Poytaxt koʻchalari tobora salqinlashib, yomgʻirlar mavsumi boshlanmoqda. Bunday vaqtlarda, albatta, koʻchalarni va koʻrgazmalarni sayr qilish kerak. Bloger Mastona bilan oltin kuz borasida suhbat olib bordik.

Hordiq

Taras Shevchenko koʻchasi va uning atrofidagi turli bogʻlarni aylanishni juda yoqtiraman. Ayni paytda u yerda gastronomik koʻcha tashkil etilmoqda. Bu ham shahar aholisi uchun manfaatli ish deb oʻylayman.

Aytishlaricha, bu koʻchada 24/7 ishlaydigan restoranlar, turli doʻkonlar faoliyat yuritadi. Shuningdek, tungi paytda koʻchada mashinalar qatnovi toʻliq toʻxtatilib, odamlar piyoda sayr qilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bundan tashqari, Tashkent City Park Boulevard hududida sayr qilishni ham xush koʻraman. Bu manzil ham odamlarga qulayligi va borib koʻrish mumkin boʻlgan joylarning koʻpligi bilan ajralib turadi.

Kino

Hozirda kinoteatrlarning kamnamo mehmoniman desam ham boʻladi. Chunki turli sabablar bilan kinoga tushish vaqti ortga surilib qolaveradi.

Menga fantastik janrdagi filmlar koʻproq yoqadi. Asosan Marvel kinoolamiga taalluqli filmlar premyerasi boʻlsa, albatta, kinoteatrdan birinchilardan boʻlib bilet xarid qilaman.

Odatda, Salom Cinema va Magic Cinema kinoteatrlarini tanlayman. Chunki bu manzillar oʻrindiqlari qulayligi, ichki qism orastaligi va keladigan odamlarning madaniyati bilan ajralib turadi.

Ovqat

Fastfud yeyish uchun biror joyni tanlab, ataylab bormayman. Faqatgina umuman imkon qolmasa, uyga buyurtma berishim mumkin.

Chunki tez tayyor boʻluvchi ovqatlar inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Uning taʼsiri birdan bilinmaydi, ammo vaqt oʻtib, aziyat chekishingiz turgan gap.

Pro.Хинкали, Сыроварня va Shashleek restoranlaridan ovqatlanishni xush koʻraman. Menga milliy va Yevropa taomlari juda yoqadi.

Xarid

Men Luxxor va Astore kabi doʻkonlardan kiyimlar xarid qilishni maʼqul koʻraman. Oxirgi vaqtlarda internet doʻkonlar ham rivojlangani bois hozirda koʻproq chetdan buyurtma qilyapman.

Men kiyim tanlashda uning chiroyidan ham oldin matosi havo oʻtkazishiga eʼtibor qarataman. Undan keyingi oʻrinda kiyimning qulayligini baholayman. Oʻzi bir koʻrganda kiyimga baho berish mumkin.

Chamalab koʻrganimda, kiyim men xohlagan sifatlarga javob bersa, demak, xarid qilaman. Oʻzingizga qulay kiyimlarni tanlang, komfort chiroyli koʻrinishdan ancha muhimroq, degan boʻlardim.

Festival

Oxirgi marta Pepsi tomonidan oʻtkazilgan festivalga borgandim. Tadbir hedlaynerlari sifatida Macan va Xcho sahnada qoʻshiq kuylagan. Atmosfera oʻzgacha boʻlgandi.

Menimcha, koʻrgazma, festival va yoshlarbop boshqa tadbirlarni koʻproq oʻtkazib turish kerak. Ammo unda biror. narsani bepul tarqatish kerak emas. Undan koʻra, turli interaktiv oʻyinlar tashkil qilgan maʼqul.

Shunda tadbirga keluvchilarni biryoʻla saralash va dastur chiroyli, tartibli oʻtishini toʻliq taʼminlash mumkin boʻladi. Shahar hayotini toʻliq yoritadigan dasturlar koʻpaygani hamma uchun birdek yaxshi boʻladi, deb oʻylayman.