Brend doʻkonlari va besh yulduzli mehmonxonalarga ega eng yirik zamonaviy kurort barpo etiladi
Mashhur xonanda va tadbirkor Emin Agalarov Oʻzbekistondagi Chorvoq suv ombori sohilida “Sea Breeze” sayyohlik markazini qurish niyatida. Bu mamlakatdagi eng yirik zamonaviy kurort boʻlib, unda plyajlar, oliy toifali mehmonxonalar, biznes-klass turar-joy majmualari, mashhur brendlar doʻkonlari, klublar va restoranlar mavjud boʻladi. Agalarov shunga oʻxshash loyihani oʻz vatani — Ozarbayjon poytaxtida ham qurayotgani maʼlum. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
U oʻzining yangi “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasini prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etdi. Emin Agalarovning gʻoyasiga koʻra, 500-700 gektar maydonni egallagan bu noyob kurort nafaqat dam olish, balki yil davomida yashash mumkin boʻlgan sayyohlik markaziga aylanishi lozim.
“Shubhasiz, eng jozibador sayyohlik markazlaridan biri Boʻstonliq tumanidir. Chorvoq suv ombori, daryolar, qorli togʻlar va goʻzal oʻrmonlar tufayli bu joy yilning istalgan faslida hordiq chiqarish uchun juda qulay,” deya taʼkidlandi prezident matbuot xizmati bayonotida.
Kurort hududida yirik xalqaro festivallar, konsertlar va madaniy tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent yaqinidagi suv ombori qoʻltigʻi ustidan piyodalar koʻprigi quriladi.
“Davlat rahbari bu taklifni maʼqullab, uni xalqaro tajriba asosida loyihalashtirish va bosqichma-bosqich qurish zarurligini taʼkidladi”, — deya qoʻshimcha qildi matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, 2006-yilda rossiyalik tadbirkor Araz Agalarovning oʻgʻli va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq kuyovi Emin Agalarov Boku yaqinida, Kaspiy dengizi sohilida “Sea Breeze” kurort-shahrini barpo etishni boshlagan edi. Dastlabki yillarda loyiha unchalik istiqbolli koʻrinmagan boʻlsada, sakkiz yil oʻtib, bu kurort dunyodagi eng tez rivojlanayotgan dam olish maskanlaridan biriga aylandi.