Britni Spirs Meksika aeroportida qoʻgʻirchoq bola bilan koʻrinish berdi. Muxlislar xonandaning ruhiy holatidan xavotirda


Amerikalik xonanda va aktrisa Britni Spirs navbatdagi taʼtilini Meksikada oʻtkazishga qaror qildi, deb yozadi People talk. Aeroportga xonanda oʻzining shaxsiy qoʻriqchisi bilan birga kelgan. Qoʻriqchining qoʻlida esa adyolga oʻralgan qoʻgʻirchoq bola boʻlgan.
Bu qoʻgʻirchoqni Britni Instagram ijtimoiy tarmogʻi orqali muxlislariga tanishtirgan edi. Qoʻgʻirchoqning ismi Brennan boʻlib, Spirs unga haqiqiy bola kabi munosabatda boʻlmoqda.

Mazkur suratlar Britnining muxlislarini hayratga soldi. Koʻplab foydalanuvchilar xonandaning ruhiy holati haqida tashvishlanmoqda va unga mutaxassislar yordami kerak, degan fikrlarni bildirmoqda. Ayrimlar bu holat Britnining oʻz oʻgʻillarini tarbiyalay olmasligi ortidan kelgan stress bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini aytgan boʻlsa, boshqalar buni psixologik terapiya jarayonining bir qismi sifatida, deya taxmin qilmoqda.
Maʼlumot uchun, Britni Spirs 2004-yilda Kevin Federlayn bilan turmush qurgan. Ular ikki oʻgʻil: Shon hamda Jeydanning ota-onasi. 2007—2008-yillarda Britnining ruhiy holatidagi muammolar sababli sud farzandlarining vasiyligini toʻliq Kevin Federlaynga topshirgan. Britni ularni faqat nazorat ostida koʻrish huquqiga ega boʻlgan. Keyinchalik u oʻz sogʻligʻi ustida ishlagan, biroq farzandlari bilan munosabatlari toʻliq tiklanmagan.

Soʻnggi yillarda Shon va Jeyden onalari bilan uchrashuvlar sonini kamaytirgan. Kevin Federlayn va oʻgʻillari hatto bir necha bor Britnining ijtimoiy tarmoqlardagi noodatiy xatti-harakatlaridan xavotir bildirgan. 2023-yilda esa Kevin oʻgʻillarni Yaponiyaga koʻchirgan, bu esa Britni uchun ogʻriqli qaror boʻlgan, biroq u bunga toʻsiq qoʻymagan. Hozirda Britni oʻgʻillari bilan doimiy aloqada emas, ammo u intervyularida farzandlariga mehrini va sogʻinchini doim taʼkidlab keladi.