Dildora Niyozovaning Jizzaxdagi konserti bekor qilindi, xonanda tashkilotchilarni aybladi


2-fevral kuni Jizzax shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan xonanda Dildora Niyozovaning konserti bekor qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar bir necha soat xonandani kutgani va uni Milliy gvardiya xodimlari qoʻriqlayotgani aks etgan videolar tarqaldi.
Dildora Niyozovaning prodyuseri va turmush oʻrtogʻi Latif Yusupovning soʻzlariga koʻra, konsert dastlab 22-dekabr kuni boʻlishi kerak edi. U tashkilotchilar bilan uzoq yillik hamkorlikda ishlaganini, shu bois avans talab qilinmaganini taʼkidladi. Unga koʻra, konsert oldidan tashkilotchilarga pul tayyorligi haqida soʻralganida ham, hech qanday muammo yoʻqligi aytilgan. Ammo toʻyxonaga kelganlarida, tashkilotchilar pul yoʻqligini bildirishgan. Keyinchalik, hamkorlaridan biri pulni olib qochib ketgani maʼlum boʻlgan.
Dildora Niyozova muxlislar hafsalasi pir boʻlmasligi uchun birinchi seansni xayriya sifatida oʻtkazishga qaror qilgan. Konsert yakunlanganidan soʻng esa tashkilotchilar kechki seans bekor qilinishi va chiptalar uchun pul qaytarilishini maʼlum qilishgan. Bu jarayonda toʻyxona egalari ham ishtirok etgan. Shuningdek, kechki seans chiptalarining katta qismi oldindan sotib olingan boʻlib, tashkilot rahbari vaziyatdan xabardor boʻlgan.
Xonandaning turmush oʻrtogʻi ayrim muxlislarning 7-8 soat kutgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning soʻzlariga koʻra, tomoshabinlar shuncha vaqt kutmagan, aks holda, ularga oldindan xabar berilardi. Yusupov tashkilotchilar birinchi hisobga pul tushmaganini, keyin esa mablagʻ yoʻqolganini bildirganini taʼkidladi.
Dildora Niyozovaning Milliy gvardiya xodimlari kuzatuvida harakatlanganiga ham izoh berildi. Yusupov bu xodimlarni xonanda yollamaganini, balki tadbir xavfsizligini taʼminlash maqsadida tashkilotchilar tomonidan chaqirilganini aytdi. Unga koʻra, konsert zalida odam juda koʻp boʻlib, tartib-intizomga eʼtibor qaratilmagan. Bundan tashqari, tashkilotchilar pul tushmaganini bildirganiga qaramay, zal toʻla boʻlgan va tomoshabinlar chiptalarni naqd pulga sotib olganini taʼkidlagan.
Dildora Niyozova Instagram sahifasi orqali muxlislari savollariga javob berdi. U baʼzan inson hayotida kutilmagan holatlar sodir boʻlishini va bu haqida nolish notoʻgʻri ekanini aytgan. Xonanda muxlislaridan tushunishlarini soʻrab, pulni oʻzi uchun emas, balki sanʼat jamoasi uchun muhim ekanini taʼkidladi.
U oʻz faoliyati davomida konsertlardan charchaganini va sanʼatkor sifatida oʻz ishining toʻgʻriligiga shubha bilan qarashini bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra, muxlislarning mehrini koʻrgach, pul olmagan boʻlsa ham konsert oʻtkazishga qaror qilgan. Tashkilotchilar unga pulni bir hafta ichida qaytarishini bildirgan, biroq xonanda bu mablagʻ kerak emasligini va muxlislarga chiptalar uchun pullari qaytarilishini istashini aytgan. Shu bilan birga, unga toʻlanishi kerak boʻlgan pullarning faqat juda kichik qismi berilgan va xonanda ushbu mablagʻni sozandalariga taqsimlaganini bildirgan.