Dilfuza Ismoilova million dollar evaziga ham rad etadigan roli va arab shayxlarining takliflari haqida gapirdi


Taniqli xonanda Dilfuza Ismoilova million dollar taklif qilinsa ham, ijro etishni istamaydigan roli borligini va unga turmush qurish taklif qilgan arab shayxlarini rad etganini aytib oʻtdi.
Sanʼatkor kino va seriallarda nega rol ijro etmayotgani haqida fikr bildirar ekan, unga juda koʻp takliflar kelib tushishini taʼkidladi. Xususan, rejissyor Hilol Nasimov uni yangi filmga taklif qilgan. Biroq xonanda taklif etilgan rol ichkilikka ruju qoʻygan ayol obrazi boʻlgani uchun undan voz kechgan. U hatto bu rol uchun million dollar yoki oyiga 100 ming dollar taklif qilinsa ham, uni ijro etishga rozi boʻlmasligini taʼkidlab, oʻzini rol tanlaydigan aktrisa deb hisoblashini bildirdi.
Shuningdek, Dilfuza Ismoilova oʻz shaxsiy hayotidagi noodatiy turmush qurish takliflari haqida ham soʻzlab berdi. Uning aytishicha, Yulduz Usmonova bilan qadr kechasida umra ibodatini ado etgan paytida Saudiyaning elchixonasida Naif ismli yosh arab yigit unga qiziqish bildirgan. U nafaqat xonandaga sovchi qoʻygan, balki unga alohida transport vositalari tayinlab, katta eʼtibor qaratgan. Ismoilova esa barcha yoʻlovchilar kabi oddiy avtobusda yurishni afzal koʻrgan.
Xonanda yana bir arab fuqarosi ham unga turmush qurish taklif qilganini eslab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu shaxs unga chamadonlab kiyim-kechak, brilliant va tilla taqinchoqlar sovgʻa qilgan, ammo Ismoilova bularning barchasini rad etgan. Shunga qaramay, erkak barcha sovgʻalarni tashlab ketgan, sanʼatkor esa ularni oʻz yaqinlariga tarqatib yuborgan.
Hozirgi kunda ham unga yosh yigitlar tomonidan ikkinchi xotin boʻlish takliflari tushib turishini taʼkidlagan xonanda, bunday munosabatlarga qiziqishi yoʻqligini aytdi. Unga koʻra, ayrim erkaklar u orqali oʻz hayotini moddiy jihatdan taʼminlashni rejalashtirishi mumkin. Ismoilova faqat Allohga va yaqinlariga boʻlgan sevgiga ishonishini va ikki inson oʻrtasidagi sevgi hech qachon boqiy emasligini qayd etdi.