Dubayda dunyodagi eng katta oltin quymasi namoyish etildi
Emirates Minting Factory kompaniyasi ogʻirligi 300 kilogrammdan oshadigan dunyodagi eng katta oltin yombini tayyorlab, Ginnessning rekordlar kitobidan oʻrin oldi.
Dubaydagi Emirates Minting Factory kompaniyasi ogʻirligi 300 kilogrammdan oshadigan dunyodagi eng katta oltin yombini tayyorladi. Bu haqda amirlik hukumatining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu orqali kompaniya Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan.
“Emirates Minting Factory ogʻirligi 300 kilogrammdan ortiq boʻlgan eng katta oltin yombini ishlab chiqarib, Dubay uchun yangi jahon rekordini oʻrnatdi. Ushbu yutuq munosabati bilan Dubaydagi qimmatbaho metallar boʻyicha konferensiyaning yopilish marosimida Ginnessning rekordlar kitobi sertifikati topshirildi”, — deyiladi xabarda.
Emirates Minting Factory Dubaydagi (BAA) Al-Quz sanoat zonasida joylashgan zavodga egalik qiladi. Korxona qimmatbaho metallarni tozalash bilan shugʻullanadi va har kuni 1000 kilogrammdan 1200 kilogrammgacha oltin va kumushni qayta ishlash hamda eritish quvvatiga ega.