Endi nogironlik pensiyalari ham proaktiv shaklda tayinlanadi


2025-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolarga pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan, avtomatik tarzda tayinlash tartibi joriy etiladi. Bu Prezident tomonidan imzolangan qaror asosida amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, nogironlik pensiyalari va kompensatsiyalar fuqarolarning arizasiz, mavjud elektron ma’lumotlar asosida tayinlanadi. Fuqarolar, agar istasa, avtomatik tayinlangan pensiyani rad etish huquqiga ega bo‘ladi.
Ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga kompensatsiyalar elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlanadi.
Nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng, agar fuqaro kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lsa, uning pensiya miqdori har ikki yilda avtomatik tarzda qayta hisoblanadi.
2025-yil 1-oktabrdan boshlab, davlat pensiya ta’minoti va Xalq banki tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq xizmatlar fuqarolarning biometrik identifikatsiyasi (Face-ID) va elektron imzo orqali amalga oshiriladi.