Gvardiola “Arsenal”ga qarshi magʻlubiyat va Husanov haqida oʻz fikrini bildirdi
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Angliya Premyer-ligasining 24-turida “Arsenal”ga yirik hisobda magʻlub boʻlishi yuzasidan fikrlarini bildirib oʻtdi.
Uchrashuvdan soʻng Gvardiola bunday natijadan soʻng darhol izoh berish oson emasligini aytib, jamoasining obroʻsi jiddiy putur yetkazilganini taʼkidladi. U muxlislardan uzr soʻrab, ayniqsa, uchrashuvning soʻnggi 30 daqiqasidagi oʻyin sifati oʻzini qoniqtirmaganini aytdi.
Murabbiyning fikricha, jamoa yaxshi harakat qilgan, hisob ham teng boʻlgan, biroq oʻyin oxiridagi holat uni jiddiy gʻazablantirgan. U magʻlubiyat sabablari hali ham aniq emasligini aytib, futbolchilarda oʻyinga boʻlgan ishtiyoq yetarli ekanini, endi barchaning birlashishi muhimligini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Gvardiola uchrashuv oldidan Abduqodir Husanov haqida ham fikr bildirib, yosh himoyachining oldingi oʻyindagi xatosi tufayli tanqid qilinmaganini aytdi.
Uning taʼkidlashicha, koʻplab yuqori darajadagi himoyachilar ham xatoga yoʻl qoʻyishi mumkin va Husanov “Chelsi”ga qarshi uchrashuvda faqatgina bitta mashgʻulotdan soʻng maydonga tushgan. Yangi jamoa, yangi til va yangi muhitga moslashish oson emasligini taʼkidlagan murabbiy, shunday sharoitda futbolchiga qoʻllab-quvvatlash kerakligini aytdi.
Murabbiyning qoʻshimcha qilishicha, Husanov hozirda yaxshi formada va mashgʻulotlarda faol ishlamoqda. U futbolchining butun eʼtibori ishiga qaratilganini va unda hech qanday muammo yoʻqligini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, “Manchester Siti” 24-turda “Arsenal”ga qarshi oʻyinda 1:5 hisobida magʻlub boʻldi. Oʻzbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov esa butun uchrashuv davomida zaxirada qoldi.