РУ
O’Z
UZS
/
/
“Oʻzbek” soʻzi ilk bor tilga olingan Qurʼoni Karim qoʻlyozmasi topildi
25.10.2024

“Oʻzbek” soʻzi ilk bor tilga olingan Qurʼoni Karim qoʻlyozmasi topildi

“Oʻzbek” soʻzi ilk bor tilga olingan Qurʼoni Karim qoʻlyozmasi topildi

Hozirda Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan Qurʼon qoʻlyozmasini tiklash ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Toshkentda oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi doirasida maʼlum qilindi.

Mazkur Qurʼon 1318-yilda Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxon sharafiga oltin varaqalarga koʻchirilgan boʻlib, moʻgʻullar davridan soʻng saqlanib qolgan Qurʼonning asosiy nusxasi hisoblanadi. Turk olimi Emek Ushenmezning aytishicha, qoʻlyozma 1475-yilgi Qrim yurishidan keyin Usmonli hukmdor Fotih Sulton Mehmet tomonidan oʻlja sifatida Istanbulga keltirilgan.

“Bu moʻgʻullar davrida toʻliq koʻchirilgan va ”oʻzbek“ nomini olgan ilk Qurʼondir. Oʻzbekxon Qurʼonining barcha jildlari oltin bilan bezatilgan, Oltin Oʻrdada muhakkak uslubida tilla qogʻozga koʻchirilgan. Eʼtiborli jihati shundaki, uning deyarli barcha sahifalari toʻliq holda bizgacha yetib kelgan. Oʻsha davr xattotlari yuksak mahoratli ustalar boʻlib, ularning asarlari koʻpincha nafisligi va aniqligi bilan ajralib turardi.

Oʻzbekxon Qurʼonida murakkab bezak unsurlari, geometrik va gulsimon naqshlar aks ettirilgan. Bu qoʻlyozmaning koʻrkamligini oshiradi va oʻsha davrda keng tarqalgan sanʼat uslublarini namoyish etadi. Aynan oʻz davrining murakkab texnologiyalari va ilgʻor usullari bugun ushbu nusxaning noyobligini taʼminlaydi”, — dedi professor Emek Ushenmez.

Aytilishicha, bu qoʻlyozma islom madaniyati va taʼlimida alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, u diniy matnlarni saqlash va musulmon jamoalari orasida savodxonlikni oshirishga xizmat qilgan. Hozirgi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati hamkorlikda ushbu noyob qoʻlyozmani tiklash va uning faksimil nusxalarini Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha ishlar olib bormoqda.

Umuman olganda, Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi koʻplab hayratlanarli yangiliklar bilan oʻtmoqda. Jumladan, Amir Temur davriga oid Qurʼonning noyob qoʻlyozma nusxalari, shu jumladan temuriy malika tomonidan bitilgan asar va Boburiylar bilan bogʻliq rang-barang albom topilmalari eʼlon qilindi. Maʼlum qilinishicha, ushbu va boshqa 114 ta qoʻlyozmaning barcha faksimil nusxalari Oʻzbekistonga qaytarilib, Islom sivilizatsiyasi markazi binosida namoyish etiladi.