РУ
O’Z
UZS
/
/
Isiriq va hijama: endilikda unutishimiz kerak bo‘lgan an’anaviy tibbiyot afsonalari
09.06.2024

Isiriq va hijama: endilikda unutishimiz kerak bo‘lgan an’anaviy tibbiyot afsonalari

Isiriq va hijama: endilikda unutishimiz kerak bo‘lgan an’anaviy tibbiyot afsonalari

Bolalikdan bizga aytib kelingan xalq tabobat usullarining barchasi ham foydali emas va ba’zilari hatto organizmimizga zarar yetkazishi mumkin. Butun xonadonimizni isiriq bilan tutatish, shamollashni esa faqat limon va zanjabil bilan davolashdan oldin, bular organizmingizga qanday foyda keltirishi haqida o‘ylab ko‘ring (ular o‘zi umuman foydalimikan). Ehtimol, bu sharoitda “platsebo effekti” ish bergan yoki davolanishga bo‘lgan qat’iy ishonch qo‘l kelgandir, ammo buvingizning qadimgi retseptlar kitobidagi o‘simliklar to‘plamining yordami bilan emas.

Biz noan’anaviy davolash usullari qanchalik xavfsiz ekanligi va nima uchun ularning ba’zilari butunlay unutilishi kerakligini aniqlashga qaror qildik. Bunda bizga pediatr va teri kasalliklari boyicha mutaxassis Parvina Hamrayeva yordam berdi.

Isiriq barcha kasalliklarni davolaydi va yomon ko’zlardan saqlaydi

O‘ziga xos hidga ega isiriq o‘simligi – xalq tabobatida yuqumli va virusli kasalliklarga qarshi dori va hatto yomon ko’zlardan himoya sifatida ishlatiladi.

Isiriq ko‘plab uy bekalari va xalq tabobatiga ishonadiganlarning qo‘l ostidagi tez yordam beruvchi vositasiga aylandi: uni nafas olish yo‘llari infektsiyalari paytida tutatishadi, go‘yo «dezinfektsiya qilishadi», bu esa organizmni tiklash jarayonini kechiktirishi mumkinligini hatto bilishmaydi ham. Shu o‘rinda shuni aytish kerakki: har qanday tutun yallig‘langan shilliq pardalar – tomoq, burun va ko‘zlarni yanada ko‘proq yallig‘lantiradi.

Ushbu «dori» ning noaniqligini nafaqat o‘zbekistonlik shifokorlar, balki boshqa mamlakatlar mutaxassislari ham tasdiqlaydilar: masalan, Rossiyada u allaqachon «taqiqlangan» mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Buning sababi esa uning kimyoviy tarkibi, gallyutsinogen xususiyatlari va giyohvandlik ta’siri tufaylidir.

«Ushbu osimlik yogida psixodelik xususiyatlarga ega bolgan faol modda – gormolin mavjud, shuning uchun uni iste’mol qilish juda xavfli», deydi shifokor.

Limon, zanjabil va sarimsoq shamollashdan davolaydi

thespruceeats.com

Biz mavsumiy shamollash va yuqumli kasalliklar paytida iste’mol qilishga odatlangan ushbu mahsulotlar aslida infeksiya xavfini kamaytirmaydi va immunitetni mustahkamlamaydi.

«Sarimsoq va zanjabil immunomodulyator ekanligi haqidagi yanglish tushuncha aslida afsonadir.  Ular shubhasiz foydali mahsulotlar va ovqatlanish menyumizga kiritilishi kerak, ammo dori sifatida emas», – deya ta’kidlaydi mutaxassis.

Limon ham, aniqrog‘i uning tarkibidagi askorbin kislotasi nafas olish kasalliklari xavfini kamaytirmaydi. Buni shifokorlarning tibbiy tadqiqotlari ham tasdiqlagan.

G‘oz va cho‘chqa yog‘lari kuygan joylarni davolaydi

G‘oz yog‘i, o‘simlik moyi va cho‘chqa yog‘i kuygan joylarni davolamaydi va hatto vaziyatni yomonlashtirishi ham mumkin (yog‘li, kosmetik kremlarga ham tegishli).

Gap shundaki, yog‘ plyonkasi terining ichidagi issiqlikni ushlab turadi va uni yanada qizdiradi. Biz vaziyatni yomonlashtirib, umr bo‘yi chandiq bilan qolishni xohlamaymizku?

Aynan shuning uchun ham shifokorlar faqat suvga asoslangan va sovitilgan teriga faqat sertifikatlangan dorixona malhamlarini qo‘llashni maslahat berishadi.

Hijama organizmni va...qalbni tozalaydi!

Ommabop «qon chiqarish» yoki hijama muolajasi ilmiy asoslangan xalq usullari ro‘yxatiga kiritilmagan. Hijama migren, gipertoniya, allergiya – qolaversa, har qanday kasallikni yengishga yordam beradi, shuningdek kayfiyatni ko‘tarib, to‘liq uyg‘unlik hissini beradi, deb ishoniladi. Ammo tanangizda bir nechta kesik qilib, «keraksiz» qondan qutulishdan oldin, shifokorlarning bu boradagi fikr-mulohazalarini bir o‘qib ko’rishingizni tavsiya qilgan bo‘lardik.

«Tabiiyki, kop miqdordagi qon yoqolganda, eyforiya holati paydo boladi va odamlar ozlarini juda yaxshi his qilyapman deb oylashadi. Ammo ular adashadi», – deydi doktor Hamrayeva.

Gap shundaki, qonning yangilanishi kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Homilador ayollar, onkologik bemorlar, yuragida muammosi borlar va qon ivishi yomon bo‘lganlarga ushbu muolaja xavfli bo‘lishi mumkin. Bunda juda jiddiy muammolar yuzaga kelishi haqidagi gaplar shunchaki emas.

Yodli setka qalqonsimon bezni tiklaydi

Tanadagi yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarni noan’anaviy usullar bilan davolash mumkin deb ishoniladi. Masalan, yod setkasini to‘g‘ri bo‘yinga surtish. Ammo dalillarga asoslangan tibbiyot bu usul qalqonsimon bez kasalliklariga nisbatan ta’sir qilishi va davolashini tasdiqlay olmadi. Bu mutaxassislar inkor etadigan yana bir xalq afsonasidir.

Setka yodning qonga so‘rilishiga hech qanday yordam qilmaydi va davolash terapiyasi o‘rnini bosa olmaydi. O‘zingiz yodli «mehendi» ni shifokor bilan maslahatlashmasdan chizishga urinmang – bu ba’zi hollarda zararli bo‘lishi mumkin (masalan, tirotoksikoz – qalqonsimon bezning ortiqcha funktsiyasi holati). Undan ko‘ra yodni odatiy usulda – tashqi tomondan va antiseptik sifatida ishlatganingiz ma’qul.

O‘simlik damlamalari depressiyani davolaydi

Psixoterapiyaga ishonmaydigan tabiblar dunyo bo‘ylab tarqalgan mashhur noto‘g‘ri tushuncha – psixologlarni «firibgarlar», «depressiya» esa odobsiz so‘z deb bilishadi. «Mayus, stressdamisiz, hayotga bo‘lgan qiziqishingizni yo‘qotdingizmi, ertalab o‘rningizdan turolmayapsizmi – tog‘ yoki o‘rmon o‘tlaridan tayyorlangan damlamani iching!» Ammo yo‘q, bu ham dalillarga asoslangan tibbiyot nuqtai nazaridan yana bir afsonadir.

https://www.pinterest.com/ryzihkarina4/

Doktor Komarovskiy ham zamonaviy dorixona preparatlarini dorivor o‘simliklar bilan almashtirish mumkinligi haqidagi afsonani rad etdi. Rossiyalik shifokor o‘zining Instagram sahifasida o‘simliklar juda ko‘p foydali xususiyatlarga ega (peshob haydaydigan, antiseptik), ammo fan nuqtai nazaridan samarasiz va allergiyaga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Demak, xalq tabobat usullari samarasizmi?

Faqat «platsebo» sifatida va ba’zi kasalliklarning ilk alomatlari – og‘riq yoki shish kabilarni yengillashtirilishi kerak bo‘lgan hollarda samarali bo‘lishi mumkin degan fikrga keldik.

Xulosa:

  • Olimlarning tadqiqotlari kasalliklarni davolashning an’anaviy usullarining samaradorligi to‘g‘risida hech qanday dalil topmadi.
  • Dalillarga asoslangan tibbiyot ko‘plab samarali – fizioterapiya va dori-darmonlarni o‘z ichiga oladigan alternativ usullarni taklif etadi.
  • O‘z-o‘zini davolash va o‘zingizga tashxis qo‘yishning hojati yo‘q. Agar biron bir alomat paydo bo‘lsa, tezlik bilan mutaxassisga murojaat qiling.