Italiyada sun’iy intellekt tomonidan yozilgan dunyodagi birinchi gazeta nashr etildi


Italiyada Il Foglio gazetasi neyron tarmog‘i tomonidan yozilgan birinchi sonni nashr etdi. Sun’iy intellekt barcha material va sarlavhalarni o‘zi tayyorlagan. Bunda yangi texnologiyalarning inson hayoti va faoliyatiga ta’sirini o‘rganish reja qilingan. U 4 sahifadan iborat bo‘lib, bosma va onlayn shaklda mavjud.
Italiyaning Il Foglio gazetasi to‘laligicha sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan birinchi sonini chiqardi. Sun’iy intellekt barcha maqolalar, sarlavhalarni yozgan va hatto kinoyali izohlar ham qo‘shgan, deb yozmoqda The Guardian.
Il Foglio bosh muharriri Klaudio Serasaning ta’kidlashicha, nashr sun’iy intellekt texnologiyalari zamonaviy jurnalistikani qanday o‘zgartirayotganini ko‘rsatish uchun ushbu tajribaga qo‘l urgan. Bunda yangi texnologiyalarning jurnalistlar va barcha insonlar hayoti hamda faoliyatiga ta’sirini o‘rganish reja qilingan. Maxsus son 18-mart kuni chiqdi, u to‘rt sahifadan iborat bo‘lib, ham bosma, ham onlayn shaklda mavjud.
“Bu butunlay sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan dunyodagi birinchi kundalik gazeta: maqolalar va sarlavhalardan tortib iqtiboslar va sharhlargacha”, — dedi Serasa. U jurnalistlarning vazifalari faqatgina “sun’iy intellekt tizimiga savollar berib, javoblarni o‘qish” bilan cheklanganini ta’kidladi.
Il Foglio AI gazetasining birinchi soni ilk sahifasida AQSh prezidenti Donald Tramp haqida maqola chop etilgan. Unda “italiyalik trampchilar paradoksi” tahlil qilinib, ularning “bekor qilish madaniyati”ga qarshi chiqishlari, biroq “AQShdagi o‘z kumiri banan respublikasi mustabididek xatti-harakat qilganda” yo ko‘z yumishlari, yoki undan ham yomonrog‘i, buni “bayram qilishlari” haqida so‘z yuritilgan.
Birinchi sahifada, shuningdek, “Putin, 10 ta xiyonat” sarlavhali kolonka mavjud bo‘lib, unda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “20 yil davomidagi buzilgan va’dalari, bekor qilingan kelishuvlari va xiyonat qilingan so‘zlari” haqida gap boradi.
Yana bir maqola esa Istat milliy statistika agentligining daromadlarni qayta taqsimlash bo‘yicha so‘nggi hisobotiga ishora qiladi, unda taxminan 750 000 ishchining maoshi oshishi daromad solig‘i islohotlarining ijobiy ta’sirlaridan biri sifatida qayd etiladi.
2-sahifada bo‘lsa “situationships” (situativ munosabatlar — romantik aloqa turi, bunda bir yoki ikkala tomon ham sherigiga yoki munosabatga jiddiy bel bog‘lamaydi — Collins izohi) va yosh yevropaliklar barqaror munosabatlardan qanday qochayotganlari haqidagi hikoya keltirilgan.