JCH-2026 saralashi. Oʻzbekiston Shimoliy Koreya bilan oʻyinda qiyin gʻalabaga erishdi
JCH-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 6-turi doirasida Oʻzbekiston milliy jamoasi Laosda Shimoliy Koreya mehmoni boʻlib qiyin, ammo juda muhim gʻalabaga erishdi.
Uchrashuvdan oldin jarohat sababli Eldor Shomurodov va Otabek Shukurov maydonga tusha olmasligi maʼlum edi, shu bois tarkibda oʻzgarishlar bor edi.
Birinchi boʻlimda vakillarimiz raqibdan biroz ustunlik qilishdi va boʻlim yakunda Abbosbek Fayzullayevning yoʻllagan zarbasi jamoamizni tanaffusga gʻolib sifatida yoʻl olishini taʼminladi – 1:0.
Ikkinchi boʻlimda esa Srechko Katanes shogirdlari hisobda oldinda boʻlishiga qaramay, guruh autsayderiga qarshi ikkinchi raqam ostida harakat qilishdi va koreyslar sekin-asta oʻyin nazorati va ustunlikni qoʻlga olishdi. Oxir-oqibat 83-daqiqada oʻzbekistonlik muxlislar xavfsiragan vaziyat yuz berdi.
Bosh hakam Umarbek Eshmurodovning qoʻpolligini VAR orqali tekshirib, uni maydondan chetlatdi. 10 kishi qolgan jamoamiz darvozasiga esa penalti belgilandi. Baxtimizga darvozabon Oʻtkir Yusupov 11 metrlik jarima zarbasini qaytarishga muyassar boʻldi. U 1-davrada Toshkentda oʻtgan bahsda ham koreyslarning penaltidan yoʻllagan zarbasini bartaraf eta olgandi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston milliy jamoasi Qatardan keyingi ikkinchi safar oʻyinida gʻalabani saqlab qolishga erishdi va guruhda 13 ochko bilan 2-oʻrinda bormoqda. Peshqadam Eron bugun Qirgʻiziston mehmoni boʻladi, BAA va Qatar esa oʻzaro maydonga tushadi. Oʻzbekiston navbatdagi turni keyingi yilning mart oyida Toshkentda Qirgʻizistonga qarshi oʻtkazadi.