“Kelajakka qaytib”: Mashhur film haqida siz bilmagan faktlar va sirli rasmlar
“Kelajakka qaytib” fantastik komediyasi 1985-yilda ilk bor ekranlarga chiqqan va darhol muxlislar armiyasini toʻplagan, yilning eng koʻp daromad keltirgan filmi boʻldi hamda hozirgacha juda mashhurligini saqlab qolmoqda.
Marti Makflay va doktor Emmet Braunning vaqt boʻylab sarguzashtlari tarixi shunchaki mashhur film emas — u ommaviy madaniyatning muhim qismidir.
Uni Robert Zemekis va Bob Geyl juftligi oʻylab topgan. Ular 1970-yillarning oʻrtalaridan boshlab birgalikda filmlar ustida ishlashgan, 1978-yilda Bitlz muxlislari haqidagi “Men seni qoʻlingdan ushlashni xohlayman” komediyasini va 1980-yilda Kurt Rassel bilan “Ishlatilgan avtomobillar” komediyasini yaratishga ulgurgan. Ammo “Kelajakka qaytib” filmini yaratish uchun mablagʻ ajratishlarini soʻrab, ular 44-marta “Yoʻq” javobini eshitishlariga toʻgʻri keldi.
Bob Geylning kelajakdagi ssenariy gʻoyasi otasining maktab albomini koʻrib chiqayotganda paydo boʻldi. U agar ular tengdosh boʻlganlarida, doʻst boʻla olarmidilar, degan savol ustida oʻylanib qoldi.
Robert Zemekisning aytishicha, studiyalar film ssenariysiga turlicha munosabatda boʻlishgan. Disney oʻz oʻgʻliga oshiq boʻlib qolgan qiz haqidagi syujet ularga juda xavfli tuyulishini aytib, rad etdi. Boshqa studiyalar esa aksincha, bu juda sodda film, oʻsha paytda mashhur boʻlgan yoshlar komediyasi ruhiga mos kelmasligini taʼkidlashdi.
Universal rahbariga “Kelajakka qaytib” nomi yoqmasdi va u prodyuserlarga uni “Plutonlik begona sayyoralik” bilan almashtirishni maslahat berdi, hikoyaga Martining oʻtmishda kelgindidek koʻrinishiga koʻproq havolalar qoʻshishni taklif qildi. Uning bu gʻoyasi rad etildi, ammo boshqalari qabul qilindi — aynan Sid Sheynberg “professor Braun”ni “dok Braun”ga aylantirishni talab qildi. U maymunni Eynshteyn ismli itga almashtirishni ham taklif qildi.
Aytgancha, DeLorean avtomobilining vaqt mashinasi sifatida tanlanishi aynan uning kelajakka xos koʻrinishga ega ekanligi va 1950-yillardagi odamlarga qandaydir gʻayrizaminiy boʻlib tuyulishi mumkinligi bilan asoslangan. Vaqt mashinasiga avtomobil qiyofasini berishdan oldin, rejissyorlar “Doktor Kim” serialidagi Tardisga oʻxshash - xona yoki oʻzgartirilgan muzlatgichga aylanadigan qandaydir qurilma yaratish haqida oʻylashgan.
Olim rolini ijro etgan Kristofer Lloyd Martini oʻynagan Maykl Jey Foksdan ancha baland edi. Ammo filmda bu unchalik sezilmaydi. Chunki rejissyor va operator doimo boʻy farqi kamroq koʻrinishi uchun illyuziya yaratishga harakat qilishgan.
Hozir bu rollarda boshqa aktyorlarni tasavvur qilib boʻlmaydi, ammo “Kelajakka qaytib” filmini suratga olishning bir yarim oyi Maykl Jey Fokssiz oʻtdi. Marti Makflay roli dastlab oʻsha yili 1985-yilda muvaffaqiyatli “Niqob” dramasida rol oʻynagan Erik Shtolsga tegishli edi. Prodyuserlar filmni suratga olish paytida Shtols tasvirlaganidan koʻra hazilkashroq qahramon kerakligini tushunganliklarini aytishadi. Foks oʻsha paytda muvaffaqiyatli “Oilaviy aloqalar” serialida rol oʻynayotgan edi va “Kelajakka qaytib” filmida suratga tushishga rozi boʻlib, ikkala loyiha ustida ham ishladi.
Erik Shtols rolga tasdiqlanishidan oldin ham, studiya bosh rol uchun Si Tomas Xauellni tanlagan edi. Shuningdek, Marti Makflay roli uchun Jonni Depp, Jon Kyusak, Charli Shin va Ralf Machchio sinov uchun kelishdi. Oʻz navbatida, boshqa loyihada suratga olishdan bosh tortgan Jon Litgou olim rolini ijro etishi kerak edi. Shuningdek, Dudli Mur, Jeffri Tambor va Jeffri Goldblyum nomzodlari ham koʻrib chiqildi.
Kristofer Lloyd olim Albert Eynshteyn va britaniyalik dirijyor Leopold Stokovskiylardan ilhomlanib, dokning yorqin obrazini yaratdi.
Dastlabki ssenariyda Marti Makflay mashhur filmlarni noqonuniy sotish bilan shugʻullanadigan video qaroqchi edi. Ammo kinematografchilar bunday xatti-harakatlarni ommalashtirmaslik uchun videoqaroqchilikni romantiklashtirishdan voz kechdi.
Birinchi filmning byudjeti 19 million dollarni tashkil etdi va 383 million dollardan ortiq daromad keltirdi.
“Kelajakka qaytib” — trilogiya. Ammo dastlab film yaratuvchilari filmning davomini rejalashtirmagan edilar. Oxirida paydo boʻlgan “Davomi bor” yozuvi esa shunchaki hazil edi (U faqat DVD disklarida paydo boʻldi va kinoteatr namoyishida yoʻq edi). Ssenariy mualliflari tan olishlaricha, agar ular dastlab davomi haqida oʻylaganlarida, film oxirida Marti Makflayning dugonasini vaqt mashinasiga oʻtqazishmas edi. Davomida esa uni uxlatib, uy ostonasida qoldirib, undan qutulishga majbur boʻlishdi.
Bundan tashqari, Klaudiya Uells onasining kasalligi tufayli filmning davomida rol oʻynay olmadi va rejissyorlar yangi aktrisa Elizabet Shu bilan kerakli epizodlarni qayta suratga olish bilan koʻp ovora boʻlishdi.
Marti Makflayning otasi rolini ijro etuvchi Krispin Glover esa prodyuserlar bilan gonorar haqida kelishib ololmadi. Uni ham birinchi qismdan mavjud tasvirlarni plastik grimdagi aktyorning ishi bilan birlashtirish orqali almashtirish kerak boʻldi. Aktyorning prodyuserlar bilan kelishmovchiligi film ssenariysini qayta ishlashga majbur qildi. Aynan shuning uchun Martining otasi oʻlimi haqidagi syujet paydo boʻldi. Oxir-oqibat, aktyor uning obrazini davomiy filmda ruxsatsiz ishlatgani uchun sudga murojaat qildi va katta miqdordagi pulni yutib oldi.
Ssenariynavislar Robert Zemekis va Bob Geyl davom filmini yaratish haqidagi qarorni qiyinchilik bilan qabul qilganliklarini eʼtirof etishdi. Ular qahramonlarni kelajakka yuborishni va kelajakning utopik yoki antiutopik dunyosini oʻylab topishni istamadilar, chunki barcha futuristik gʻoyalar voqelikka mos kelmasligini taxmin qilishardi.
Davomni ishlashga rozi boʻlgach, ular dastlab faqat bitta film uchun ssenariy yozishdi, ammo oxir-oqibat syujetlardan biri kengaytirilib, alohida uchinchi filmga aylandi. Keyinchalik rejissyor studiya tomoshabinlar kutganini aldagani va ikkinchi filmni koʻrishdan oldin ularga bu mustaqil film emasligi hamda hikoyaning yakuni faqat “Kelajakka qaytish 3”da boʻlishi haqida maʼlumot bermagani uchun juda norozi boʻldi.
“Kelajakka qaytish 2” Elayja Vudning katta ekrandagi debyuti boʻldi, u keyinchalik “Uzuklar hukmdori”ning yulduziga aylandi.
Robert Zemekis va Bob Geyl “Kelajakka qaytish” hikoyasiga boʻlgan huquqlar aynan ularga tegishli boʻlishini taʼminlashdi. Ssenariynavislarning taʼkidlashicha, ular hayot ekan, Makflay va doktor Emmet Braun sarguzashtlarining qayta ishlangan, yangilangan versiyalari yoki davomi ekranlarda paydo boʻlmaydi.
Biroq “Kelajakka qaytish” boshqa asarlarda yashashda davom etmoqda. 1991-1992-yillarda “Kelajakka qaytish” animatsion seriali ishlab chiqarilgan boʻlib, uning ustida bevosita asl trilogiya ssenariynavislar ishlagan. 2004-yilda film asosida video oʻyin yaratildi va 2010-yilda bosh qahramonlar tarixini davom ettirgan toʻlaqonli kompyuter oʻyini “Back to the Future: The Game” chiqarildi. 2015-yilda Kristofer Lloyd, Robert Zemekis va Bob Geyl 10 daqiqalik “Kelajakka qaytish: Doktor Braun dunyoni qutqaradi” videoroligini yaratish uchun birlashdilar. Oʻta mashhur “Rik va Morti” animatsion seriali esa “Kelajakka qaytish”ga toʻgʻridan-toʻgʻri ishora qilmasada, uning mashhur qahramonlariga ochiqchasiga havola qiladi.
Bularning barchasi faqat kino ishlab chiqarish doirasida. “Kelajakka qaytish” allaqachon moda industriyasining bir qismiga aylangan. Trilogiya boʻyicha kitoblar va komikslar mavjud. Butun dunyo boʻylab filmlar, seriallar va telekoʻrsatuvlar ushbu loyihaga havola qiladi. 2021-yilda esa Britaniya teatr sahnasida xuddi shu nomdagi myuzikl namoyish etila boshlandi.