“Manchester Siti”ning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi aniq bo‘ldi


Xorvatiyalik markaziy himoyachi Yoshko Gvardiol 2024/25-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra “Manchester Siti”ning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
23 yoshli futbolchi o‘tgan mavsum davomida barcha musobaqalarda 53 o‘yinda ishtirok etib, 6 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning “shaharliklar” bilan tuzgan shartnomasi 2028-yilgacha amal qiladi.
Angliya Premyer Ligasining so‘nggi mavsumida Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” 38 tur yakunida 71 ochko to‘plab, uchinchi o‘rinni egalladi hamda UEFA Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, 15-iyun kuni AQShda start oladigan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida “Manchester Siti” G guruhida ishtirok etadi. Jamoa bu turnirda BAAning “Al-Ayn”, Marokashning “Vidad” va Italiyaning “Yuventus” klublariga qarshi maydonga tushadi.
Bu musobaqa “Manchester Siti” uchun yangi mavsum oldidan muhim sinovlardan biri bo‘ladi.