Maryam Tillayeva TNTda yangi realiti-shousishtirokchisiga aylandi


O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi va bloger Maryam Tillayeva TNT telekanalidagi yangi realiti-shou ishtirokchisiga aylandi, deb xabar bermoqda Rossiya telekanali matbuot xizmati.
Teleko‘rsatuv qoidalariga ko‘ra, 22 ishtirokchi Marokashdagi hashamatli villaga joylashadi, u yerda psixologik o‘yin ko‘rinishidagi sinovlardan o‘tishadi va umumiy bank uchun pul ishlashadi. Har bir sonda o‘yinchilardan biri ovoz berish orqali o‘yindan chiqariladi.
“Men g‘oyalar uchun kurashishga o‘rganib qolganman, ammo “O‘yin ustasi” — bu butunlay boshqacha chaqiriq. Bu yerda sen nima uchundir emas, kim bilandir kurashyapsan. Kim senga “men sen bilanman” deyishini va bir soatdan keyin qarshi ovoz berishini hech qachon bilmaysan. Bu kuch yoki mavqe haqida emas, balki psixologiya, intuisiya va o‘ziga ishonish qobiliyati haqida”, — dedi Tillayeva.
Ma’lum qilinishicha, shouni aktyor Yuriy Kolokolnikov olib boradi. “Joker” — o‘yinni o‘zgartiradigan kutilmagan ishtirokchi rolida Filipp Kirkorov ishtirok etadi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda telekanalning rasmiy translyasiyasi 2011-yildayoq "axloqsiz" ko‘rsatuvlar tufayli to‘xtatilgan edi.