O‘zbekiston xalq artisti Shafoat Rahmatullayeva vafot etdi
O‘zbekiston xalq artisti, teatr va kino aktrisasi Shafoat Rahmatullayeva 83 yoshda vafot etdi. U “Masxaraboz”, “Sevginator”, “Sehrli qalpoqcha” kabi filmlar va ko‘plab spektakllarda rol o‘ynagan.
O‘zbekiston xalq artisti, teatr va kino aktrisasi Shafoat Rahmatullayeva 83 yoshda vafot etdi, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.
Shafoat Rahmatullayeva 1941-yilning 4-yanvarida Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi Navbahor qishlog‘ida tug‘ilgan. U o‘rta maktabni tugatgandan keyin pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirib, dastlab maktabda bir yil o‘qituvchi bo‘lib boshlang‘ich sinflarga dars bergan.
1963-yilda teatr va rassomchilik oliygohining musiqali drama fakultetiga o‘qishga kirgan. Turli yillarda ko‘plab spektakllar bilan bir qatorda, “Masxaraboz”, “Sevginator”, “Sevginator-2”, “Er bermoq — jon bermoq”, “O‘zimdan o‘zimgacha”, “Fidoyilar”, “Poyga”, “Sehrli qalpoqcha”, “Sariq devni minib” kabi filmlarda suratga tushgan.
“Shafoat Rahmatullayeva teatr va kino san’atini rivojlantirishda fidokorona xizmat qilib, jonkuyar va samimiy inson sifatida barchamizning qalbimizda mangu yashaydi”, — deyiladi xabarda.