Oʻzbekistonda ayrim fuqarolarga bepul elektromobil beriladi


Ekologik hayot tarziga amal qilayotgan fuqarolar uchun ochiq tanlov asosida elektromobil beriladi. Shuningdek, aholining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarga infratuzilmani yaxshilash uchun 500 million soʻm ajratiladi.
Prezident farmoni bilan 2025-yil uchun davlat dasturi tasdiqlandi. Ushbu loyihaning dastlabki variantlari jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgandi.
Hujjatda “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini ommalashtirish maqsadida “Bir million yashil oila” umummilliy harakati tashkil etilishi belgilandi. U quyidagi tamoyillar asosida shakllanadi:
aholi orasida sogʻlom turmush tarzini, xususan, toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy faollikni targʻib qilish;
- velosiped va ekologik transport vositalaridan foydalanishga ragʻbatlantirish;
- plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
- oziq-ovqat isrofgarchiligini oldini olish;
- suv, gaz va elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanish;
- chiqindilarni saralash tizimini yoʻlga qoʻyish.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024-yil 1-iyungacha ushbu harakat doirasida maxsus platforma ishga tushirishi kerak.
Platforma ekotamoyillarni hayotida amalda qoʻllagan fuqarolarga “Ekofaol fuqaro” maqomini taqdim etadi. Ushbu maqom egalariga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10% chegirma va davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan banklarda isteʼmol kreditini olishda imtiyozlar beriladi.
Oiladagi barcha voyaga yetgan aʼzolar “Ekofaol fuqaro” maqomini olsa, ularga “yashil oila” maqomi beriladi. Ushbu maqom egalari har yili ochiq tanlov asosida 14 ta elektromobildan birini yutib olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bundan tashqari, aholining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlari oʻtkaziladi. Ushbu tanlov gʻoliblariga mahalla jamgʻarmasi orqali 500 million soʻm ajratiladi.
Ajratilgan mablagʻlar mahallaning ichki infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanadi. Xususan, yoʻllarni taʼmirlash, energiya tejamkor yoritish tizimlarini oʻrnatish, bolalar oʻyingohlari va yashil hududlar yaratish, chiqindi yigʻish maydonchalari va konteynerlarni joylashtirish kabi ishlarga yoʻnaltiriladi.