Oʻzbekistonda Temu 20-martdan cheklanadi


20-martdan O‘zbekistonda Xitoyning Temu marketpleysi faoliyati cheklanadi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.
2025-yilning 1-iyulidan mamlakatda elektron tijorat operatorlari, xususan elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan.
Ta’kidlanishicha, Oʻzbekiston fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan O‘zbekistonning elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotgani aniqlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025-yilning 20-martidan xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, Temu platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi.
Agentlik tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, fuqarolardan bugun, 4-martdan boshlab Temu platformasida buyurtma bermaslikni soʻragan. Agar buyurtma bundan oldin buyurtma qilingan bo‘lsa, platformadan to‘lovni qaytarib olish tavsiya etiladi.