D vitamini haqida 10 ta savolga javob. U ayniqsa kimlarga zarur?
Koronavirus infektsiyasi pandemiyasi davrida D vitamini ayniqsa “moda”ga aylandi. O‘shanda u haqida organizmning himoya funksiyalarini kuchaytirib, shu bilan kasallikning rivojlanishini yengillashtiradigan vosita sifatida gapira boshlagan edilar. Bu haqiqatan ham shundaymi? Shu kabi yana 9 ta savolga qisqacha javob beramiz.
D vitamini hamma uchun zarurmi?
Ha. D vitamini organizmdagi yuzlab biologik jarayonlarda ishtirok etadi. Uning asosiy roli esa organizmdagi kaltsiy va fosfor konsentratsiyasi darajasini tartibga solishdan iborat bo‘lib, bu isnonning mushak-skelet tizimining holatiga bevosita ta’sir qiladi. D vitamini bo‘lmasa, kaltsiy odatda so‘rilmaydi. Shuning uchun bolalikdan qondagi D vitamini darajasini kuzatib borish muhim.
D vitamini bolalarga ayniqsa qaysi yoshda kerak?
Tug‘ilganidan 3 yoshgacha, shuningdek 11 yoshdan 14 yoshgacha.
Ushbu davrda ularda intensiv o‘sish kuzatilib, suyak to‘qimalarining shakllanishi uchun oqsil, kaltsiy va fosforning iloji boricha so‘rilishi juda muhim hisoblanadi. Ularning yetishmasligi esa raxit – suyaklarning deformatsiyasi va mo‘rtligi kabi kasallikning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Pediatrlar ko‘pincha raxitning oldini olish uchun D vitaminini chaqaloq hayotining ilk oylaridanoq boshlaydilar.
Bolalarga ta’luqli ma’lumotni bilib oldik. D vitamini yetishmasligini qanday aniqlash mumkin?
Qon zardobida umumiy 25 (OH) D ni aniqlash uchun qon tahlilini qilib, albatta.
Agar natija 30 ng/ml dan yuqori bo‘lsa, sizda D vitaminining normal darajasi mavjud degani. Uni to‘g‘ri ovqatlanish va D vitaminining profilaktik dozasini qabul qilib turish kifoyadir. Agar natija 30 ng/ml dan past bo‘lsa, D vitamini yetishmovchiligini maqbul tanlangan dozasi bilan to‘ldirish uchun shifokor bilan maslahatlashishning ayni vaqtidir.
D vitamini qabul qilish kerakligini qon tahlilisiz bilish mumkinmi?
Yo‘q, buni faqat qon tahlili orqali amalga oshirish mumkin.
Albatta, mushaklarning og‘rishi, charchoqning kuchayishi, asabiylashish, tez-tez shamollash, mo‘rtlik va soch to‘kilishi kabi umumiy alomatlar mavjud, ammo ular organizmning ko‘plab boshqa patologik holatlarining alomatari bo‘lishi ham mumkin. Odatda insonlarda D vitamini yetishmasligini aniq ko‘rsatadigan aniq klinik ko‘rinishlar mavjud emas. Shuning uchun faqat laboratoriya natijalari orqali buni aniqlash mumkin.
Erkaklar va ayollarda D vitamini qabul qilishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjudmi?
Agar qisqa javob beriladigan bo‘lsa, yo‘q.
Tadqiqotlar uning metabolizmi va harakatida sezilarli gender farqlarini aniqlamadi, bu esa dozalari ikkala jinsda ham farq qilmaydi deganidir. Bu haqda Rossiya endokrinologlar assotsiatsiyasining klinik tavsiyalarida yozilgan.
Ammo ayollar osteoporoz kasalligining rivojlanishiga ko‘proq moyillar. Shuning uchun shifokorlar 50 yoshdan oshgan ayollarga gormonal fon sezilarli darajada o‘zgarganda, ayniqsa D vitamini ko‘rsatkichini kuzatishni maslahat berishadi.
Dori-darmon va biologik faol qo‘shichalarni qabul qilmasdan D vitamini darajasini oshirish mumkinmi?
Ha, mumkin. Agar siz asosan quyoshli o‘lkalarda yashasangiz va to‘g‘ri ovqatlansangiz shubhasiz mumkindir.
Ovqatlanish tartibingizda dengiz va okean baliqlari, treska balig‘i jigari, tovuq va bedana tuxumlari, qattiq va yarim qattiq pishloqlar, sariyog‘, lisichka va smorchok kabi ba’zi qo’ziqorinlar ko’proq bo’lishi muhimdir.
Ammo quyoshda ko‘p bo‘lish sog‘liq uchun xavfli ekanligini ham ko‘pchilik yaxshi biladi. Va faqat oziq-ovqat orqali biz yetarli miqdordagi vitaminni ololmaymiz.
D vitamini darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, shuncha yaxshimi?
Yo‘q, unday emas. Dozani oshirib yubormaslik muhimdir.
Bunday holat faqat dori-darmonlar va biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilishda sodir bo’lishi mumkin, shuning uchun shifokorlar har yili laboratoriya tahlillarini o‘tkazishni va preparatni qabul qilishdan oldin va bu jarayonda ko‘rsatkichni doim nazorat qilishni qat’iy tavsiya qiladilar.
Bu shu bilan bog‘liqki, D vitaminining haddan tashqari to‘planishi organizmning intoksikatsiyasiga olib kelishi mumkin, uni esa to‘xtatish qiyin, chunki vitamin yog‘ to‘qimalarida to‘planadi va uning chiqarilishi asta-sekin, bir necha oy ichida sodir bo‘ladi. D vitaminining yuqori dozalari kaltsiyning so‘rilishini oshirishi mumkin, unda giperkalsemiyaning rivojlanish ehtimoli katta bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, ovqat hazm qilish buzilishi, bosh aylanishi, chalkashlik, umumiy zaiflikni keltirib chiqaradi. Shuning uchun hamma narsaning me’yorida bo‘lgani yaxshi.
Qanday alomatlar D vitamini qabul qilish paytida ehtiyot bo‘lish kerakligini anglatadi?
Bosh og‘rig‘i, oshqozon-ichak traktining buzilishi, ko‘ngil aynishi, qusish, yurak ritmining buzilishi, buyrak funksiyasi, haddan tashqari tashnalik, siyishning ko‘payishi, qon bosimining oshishi. Bunday alomatlarning har biri namoyon bo‘lishi nafaqat D vitaminining haddan tashqari dozasini, balki boshqa patologiyalarni aniqlash uchun shifokor bilan maslahatlashishni talab qiladi.
D vitamini qabul qilish koronavirus infeksiyasidan himoya qilishi rostmi?
Rost emas. Xalqaro fanlararo ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilgan “PLOS One” ilmiy jurnalida chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, D vitamini darajasi normal bo‘lgan odamlar, vitamin konsentratsiyasi past bo‘lgan odamlarga qaraganda, o‘tkir virusli infektsiyaning og‘ir kechishi xavfi kamroq. Ammo har qanday virus, shu jumladan COVID-19 bilan yuqtirishning o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri D vitamini darajasiga ta’sir qilmaydi. U haqiqatdan ham insonning immunitetini oshirib, infektsiyani yengishga yordam beradi, ammo virus bilan aloqa qilishda himoyani kafolatlamaydi.
Immunetni mustahkamlash uchun faqat D vitaminini muntazam ravishda qabul qilishning o‘zi yetarlimi?
Yo‘q. Sog’liqni saqlash uchun kompleks yondashuv zarur. Avvalo, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
muvozanatli ovqatlanish;
o‘rtacha jismoniy faoliyat;
yetarli miqdordagi suyuqlikni iste’mol qilish; (suv haqidagi maqolalarni o‘qib ko‘ring)
ochiq havoda sayr qilish;
tinch va barqaror axloqiy va psixologik holat.