Oʻzbekistondan Qozogʻiston va Tojikistonga oʻtishda yangi qoida joriy etiladi
Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi muhokamasiga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda prezident mamlakatni rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, doʻst va hamkorlar doirasini kengaytirish, qoʻshni mamlakatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini taʼkidladi.
Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash tashqi siyosatda ustuvor yoʻnalish boʻlib qoladi. Kelgusi yili mamlakatda boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyo beshligi” uchrashuvi buning amaliy qadami ekani qayd etildi.
Shuningdek, davlat rahbari Qozogʻiston va Tojikistonga ham ID-karta orqali oʻtish imkoniyati yaratilishini maʼlum qildi. Mazkur mamlakatlar bilan bu tizimni joriy etish rejalashtirilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo eʼtibor markazida boʻlishi taʼkidlandi.