O‘zga sayyoraliklar va uchar likopchalar: qanday qilib 51-hudud afsonalarga to‘ldi va harbiy baza o‘zi nimani sir tutmoqda?
51-hudud nafaqat AQShda, balki butun dunyodagi eng mashhur maxfiy harbiy baza hisoblanadi. U ko‘plab afsonalar va mish-mishlarga boy bo‘lib, ular o‘zga sayyoraliklarga borib taqaladi: odamlar baza hududida tez-tez g‘alati uchuvchi obyektlarni ko‘rishgan. Hokimiyatning guvohlarning ma’lumotlarini izohlashni istamasligi faqat konspirologik nazariyalarni kuchaytirdi. Toping.uz mavjud ma’lumotlarga asoslanib, 51-hudud tarixi haqida so‘zlab beradi. Garchi u yerda yashil odamlar yo‘q bo‘lsa-da, bu obyektga nisbatan qiziqishni kamaytirmaydi.
Bazaning yaratilish sabablari
Obyekt Las-Vegasdan taxminan 130 kilometr uzoqlikda, Grum-Leykning cho‘ldagi sho‘rxok qirg‘og‘ida joylashgan. Sun’iy yo‘ldosh suratlarida u yerda hech qanday g‘ayrioddiy narsa yo‘q: faqat uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,7 kilometr, bir nechta binolar mavjud. Taxminlarga ko‘ra, bazaning asosiy maydoni yer ostida. 51-hudud atrofida uchish taqiqlangan, u yerga shunchaki borish ham mumkin emas - bu avvalgidek faoliyat olib borayotgan, buning ustiga yuqori darajadagi maxfiylikka ega harbiy majmua. Ko‘plab ogohlantiruvchi belgilarga ega baland devorga yagona yo‘l olib boradi. Yaqin-atrofdagi shaharchalar aholisining so‘zlariga qaraganda, ushbu hududda juda ko‘p kameralar o‘rnatilgan.
51-hudud elliginchi yillarda bunyod etilgan. Uning vazifasini ko‘p jihatdan guvohlarning g‘alati uchuvchi obyektlar haqidagi hikoyalari izohlaydi. Baza ilg‘or harbiy samolyotlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish uchun yaratilgan. Xususan, o‘z davri uchun noyob hisoblangan U-2 razvedka dasturi aynan shu yerda amalga oshirilgan. AQSH prezidenti Duayt Eyzenxauer 1954-yil oxirida loyihani ishlab chiqishni ma’qullaydi, bunday maxfiy samolyot esa sinov uchun alohida xoli joyni talab qilar edi.
U-2 bor-yo‘g‘i sakkiz oy ichida ishlab chiqilgan. Razvedkachi samolyot zudlik bilan talab qilingan edi: Amerika harbiylari Sovet Ittifoqida yadroviy qurollar ko‘payishidan xavotirga tushganlar va bombalar bilan AQShga yetib borishi mumkin bo‘lgan samolyotlar joylashgan bazalarni aniqlamoqchi bo‘lishgan. U-2 radar va havo mudofaasi tomonidan aniqlash ehtimolini kamaytirish uchun taxminan 21 kilometr balandlikda uchishga qodir. Samolyotning dizayni keng qanoti, tor fyuzelyaji bilan juda ajralib turgan.
U-2 samolyoti
Konspirologiyaning paydo bo‘lishi va rivojlanishi
Sinovlar boshlanishi bilan Amerika ommaviy axborot vositalariga sahro ustida uchayotgan g‘alati apparat haqida ko‘plab xabarlar tarqala boshlaydi. Kishilarni nafaqat obyektning shakli, balki uchish balandligi ham hayratga solgan. Guvohlarning aksariyati elliginchi yillarda uch baravar past eshelonlarda uchgan fuqaro samolyotlarining uchuvchilari bo‘lgan. Odamlar nimalarni ko‘rayotganlarini va bu qanday qilib shunday balandlikda bo‘lishi mumkinligini tushunishmasdi.
AQSH Mudofaa vazirligi muammoga duch keladi. Shubhali uchuvchi apparat haqidagi xabarlar juda ko‘payib ketadi, jamiyatda ro‘y berayotgan voqealarga qiziqish paydo bo‘la boshlaydi. Ammo harbiylar maxfiy razvedka samolyoti ishlab chiqilayotgani haqidagi haqiqatni oshkor qila olishmasdi. Shu sababli guvohlarning ma’lumotlari aql bovar qilmaydigan tafsilotlar bilan to‘lib-toshganida, rasmiylar deyarli hech narsa qilmaslikka qaror qiladi.
Odamlarning boy fantaziyasi va ba’zi guvohlarning hikoyalarni bezashga moyilligi foyda keltiradi. Jurnalistlar va jamoatchilik 51-hudud atrofida uchib yurgan o‘zga sayyoraliklar haqidagi hikoyalarga shu qadar qiziqib qolishadiki, maxfiy samolyotlarni sinovdan o‘tkazishning haqiqiy versiyasi hech kimni qiziqtirmaydi. Shu tarzda bu loyiha maxfiyligini saqlashga yordam beradi. Ba’zan rasmiylar ko‘rganlarini tabiiy hodisalar yoki ob-havo tadqiqotlari bilan izohlar, tafsilotlarga berilmas - sariq matbuot ma’lumotni o‘ylab topishni a’lo darajada uddalar edi.
Yillar o‘tib, U-2 o‘rniga yanada noodatiy samolyotlar ishlab chiqildi. Qurollanish poygasi va sovuq urush davrida harbiy aviatsiya mislsiz darajada tez rivojlandi. U-2 SSSR osmonida urib tushirilganidan so‘ng (uchuvchi Frensis Pauers omon qoldi, keyinchalik uni sovet josusi Rudolf Abelga almashtirishadi), yanada sezilmas samolyotlar kerak bo‘ldi. Shunday qilib, radar uchun sezuvchanlikni kamaytirish ustida ish boshlandi, bu esa konstruktorlarni samolyotlarning noodatiy shakllarini o‘ylab topishlariga olib keldi. Masalan, yetmishinchi yillarda Lockheed F-117 Nighthawk dasturi ishga tushirildi. Hujumchi samolyotning ko‘rinishi bizning kunlarimizda ham g‘ayrioddiy, 1980-yillarning boshidagi sinovlar haqida nima deyish mumkin - bunday apparatni bemalol o‘zga sayyoralik deb o‘ylash mumkin edi.
F-117 Nighthawk samolyoti
51-hududga “hujum”
Vaqti-vaqti bilan mashhurlikni xohlagan odamlar qiziqish uyg‘otadi. 1989-yilda Bob Lazar Las-Vegasning mahalliy nashriga intervyu beradi. U 51-hududda ishlaganini, o‘zga sayyoraliklarni ko‘rganini va ularning kemasini o‘rganganini ma’lum qiladi. Keyinchalik Bobning barcha bayonotlari rad etiladi, ammo u o‘zining haqligini ta’kidlashda davom etadi va haligacha ba’zan yetakchi podkastlarda chiqish qilib turadi.
2019-yilda tashabbuskorlar obyektga hujum qilib, u yerda nima borligini dunyoga ko‘rsatishga qaror qilishadi. Ishtirokchilar Facebookdagi guruh orqali tanlanadi. Ikki million foydalanuvchi “51-hududga yurish”ni tasdiqlaydi, ammo haqiqatda 150 ga yaqin odam to‘plangan edi. Harbiylar tahdidni qanchalik jiddiy qabul qilgani noma’lum, ammo AQSH harbiy-havo kuchlarining rasmiy vakili amaldagi maxfiy obyektga bostirib kirish yomon g‘oya ekani haqida ogohlantiradi. Natijada bir necha kishi jamoat tartibini buzganligi uchun qamoqga olinadi va “hujum” shu bilan yakunlanadi.
51-hudud atrofidagi shaharchalar sayyohlik jihatdan diqqatga sazovor joylarga aylandi. Mahalliy aholi “o‘zga sayyoralik” mavzusini qo‘llab-quvvatlaydi: u yerda shu mavzudagi restoranlar, mehmonxonalar, muzeylar mavjud.
51-hudud bizning davrimizda
O‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida 51-hududni o‘rgangan tarixchi va yozuvchi Piter Merlin u yerda o‘zga sayyoralik bo‘lmaganiga ishonchi komil. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi aviatsiya muhandislari ajoyib texnologiyalarga ega bo‘lgan barcha noodatiy samolyotlar qandaydir yashil odamlar emas, balki oddiy insonlar tomonidan ishlab chiqarilganini eslatib, olimning g‘ashiga tegadi.
Hozirda harbiy baza kengaymoqda: yangi sun’iy yo‘ldosh suratlarida yangi binolar ko‘zga tashlanadi. Rasmiylar obyektning mavjudligini faqat 1998-yilda bilvosita, 2013-yilda esa rasman tasdiqlagan. Asosan, 51-hudud U-2 samolyoti uchun sinov maydonchasi sifatida tilga olinadi. Turli taxminlarga ko‘ra, u yerda harbiy samolyotlar va ular uchun qurol-yarog‘lar maqsadida yangi texnologiyalar ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish davom etmoqda
Hammasi ham silliq kechavermaydi: 2017-yilning sentyabr oyida sirli falokat yuz beradi, uchuvchi halok bo‘ladi. Qaysi samolyot halokatga uchragani noma’lum, lekin odatda bunday ma’lumotni yashirishmaydi. Bu xuddi yangi va maxfiy uchish apparati yoki chet el samolyoti yo‘qolgan degan fikrga olib keladi (AQShda ham shunday samolyotlar bor, deb taxmin qilinadi).
***
51-hudud faoliyati davom etmoqda va u haqidagi mish-mishlar kamaygandek tuyuladi. “O‘zga sayyora kemalari”ning barcha suratlari asta-sekin rad etildi, “kelgindilar”ning guvohlari o‘z so‘zlarini amalda tasdiqlay olmadilar. Hozirgi kunda ushbu harbiy bazadagi mutaxassislar nima bilan shug‘ullanayotganini ishonch bilan aytish mumkin bo‘lsa-da, vaziyat aniqroq ko‘rinmaydi. Bu esa ma’lumotlarning yuqori darajadagi maxfiyligini anglatadi. Harbiylar qiziquvchan nigohlardan yashil odamchalardan ham ko‘ra jiddiyroq narsani yashirayotganiga shubha bor.