O‘zbekistonga ilk bor bir oyda 1 milliondan ortiq turist tashrif buyurdi


2025-yilning aprel oyida O‘zbekistonga 1 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
“O‘zbekiston Respublikasi prezidentining turizmni strategik tarmoq sifatida rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari hamda sohaga investitsiyalar jalb etilishi, vizasiz rejimlarni kengaytirish, xalqaro turistik yarmarka va forumlarda faol ishtirok etish mamlakatimiz jozibadorligini yanada oshirmoqda.
Bu raqam nafaqat tarixiy natija, balki mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, xususan, ochiqlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash natijasi”, — deyiladi xabarda.
Qoʻmita kelgusida ham turizm sohasini yanada rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos xizmat turlarini kengaytirish hamda ekologik va barqaror turizm yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistonni jahon miqyosida raqobatbardosh va jozibador turistik yo‘nalish sifatida mustahkamlash maqsad qilinganini qayd etdi.