Qanday qilib buyumlarni jomadonga g‘ijim qilmasdan, to‘kilib ketmaydigan va albatta sig‘adigan tarzda joylash mumkin: to‘liq qo‘llanma
Jomadonni qanday tanlash mumkin
Safarga jomadonni to‘g‘ri tanlash uchun bir nechta asosiy xususiyatlarni inobatga olish lozim. Bu uning o‘lchami va sig‘imi, materiali (qattiq plastik va polikarbonatdan tayyorlangan jomadonlar yanaga chidamliroq), vazni, g‘ildiraklari (4 g‘ildirakligidan olgan ma’qul), xavfsizligi (o‘rnatilgan qulfning mavjudligi), narxi va brendi (bu sizning byudjetingiz va sifat ustuvorliklariga bog‘liq), qo‘shimcha funksiyalardan iborat.
Jomadonni o‘rashda nimalarni hisobga olish kerak? Top-Do list:
- Kerakli (haqiqatan ham zarur) narsalar ro‘yxatini tuzing. Bir necha marta ko‘rib chiqing va ulardan qaysi birini almashtirish yoki umuman olmaslik mumkinligini hal qiling. Sizga o‘zi 3 ta pidjak nimaga kerak?
- Har bir kun uchun asosiy obrazlarni to‘plang. O‘zingiz bilan juda ko‘p narsani olib ketmaslik maqsadida buyumlarni birlashtirishga harakat qiling.
- Ob-havo bashorati va tadbirlar jadvali bilan solishtiring, bu sizga soyabon, bezaklar yoki bosh kiyim kabi kerakli aksessuarlarni tanlashga yordam beradi.
- O‘sha joyda sotib olish mumkin bo‘lgan narsalarni (tish pastasi, sovun, plyaj to‘pi) o‘zingiz bilan olib yurish shart emas. Agar ularni joyida sotib olib, jomadonda bo‘sh joy qoldirsangiz, bu bilan qashshoqlashib qolmaysiz.
- Jomadon tubiga og‘ir va hajmli buyumlarni, shuningdek, darhol kerak bo‘lmaydiganlarini joylashtiring. Birinchi navbatda qo‘lga kiritiladigan narsalar uchun jomadonning yuqori qismi ma’qul.
Poyabzal va paypoqni qanday qilib ixcham taxlash mumkin
- Tejamkor bo‘ling, poyabzal ichidagi bo‘sh joydan foydalaning. Oyoq kiyimi ichiga paypoq, ichki kiyim yoki boshqa mayda-chuydalarni solib qo‘ying. Bu kamiga uning shaklini saqlab qoladi.
- Poyabzalni perimetr bo‘ylab, tovonini devorga qaratib joylashtiring. Bu narsalarning markazida qo‘shimcha joy yaratadi va jomadonni muvozanatlashtiradi.
- Poyabzalni juft-juft qilib taxlang. Bitta krossovkani yuqoriga, ikkinchisini esa pastga shunday joylashtiringki, ular bir-birining ustiga qo‘yilsin.
- Poyabzal g‘iloflari sotib oling. Bunday “zirh” kiyimni ifloslanishdan himoya qiladi va poyabzalni ixchamroq taxlashga imkon beradi. Juda bo‘lmaganda g‘ilofni supermarketdagi paketga almashtirish mumkin.
- Qayta rejalashtiring. Qaysi poyabzal kiyimlar bilan mos kelishini hal qiling, ularni kam miqdorda oling, universal modellarni afzal ko‘ring.
Qanday qilib paypoqlarni ixchamlashirish va joylashtirish mumkin
Paypoqlarni ixchamlashtirishning ikkita eng mashhur va oddiy usuli mavjud. Bular “konvert” va “naycha” usullaridir.
“Konvert”
Paypoqlarni bir-birining ustiga qo‘yib, ikkiga buklang. Barmoqlaringiz bilan rezinkaga mahkam o‘rashni boshlang. Rezinkaning oxirgi qismini o‘ralgan paypoqlar atrofiga o‘rab, ularni kichik konvert shaklida mahkamlang.
“Naycha”
Bir-birining ustiga qo‘ying. Barmoqlaringizdan manjetgacha zich o‘ralgan naychaga burang. Naychani mahkamlash uchun paypoqning bir uchi manjetini teskarisiga ag‘daring.
“Yalqov” usuli
Yoki “rahmat, Kep”. Shunchaki paypoqlarni bir-biriga o‘rang, ular ochilib ketmasligi uchun yengil burab qo‘ying.
Lekin paypoqlarni jomadonning burchaklariga, maxsus bo‘limlarga yoki o‘sha poyabzalga joylashtirgan ma’qul.
Kiyimni qanday qilib ixcham taxlash mumkin
Yuk menyusidagi asosiy taomga o‘tamiz. Agar siz kiyimlarni chamadonga ixcham taxlashni o‘rgansangiz, bir zumda o‘rash ustasiga aylanasiz. Paypoq va poyabzal unchalik muhim emas.
Shim/jinsi shimlar qanday taxlanadi
Bu yerda vaqt sinovidan o‘tgan buklamali va rulonli ikkita usul mavjud.
1-usul: ishtonlarni uzunligi bo‘yicha yarmidan buklang, bunda bitta oyog‘i ikkinchisida taxlanishi kerak. Ishtonni belgacha bir necha marta bukib, ixcham o‘ramni hosil qiling. Mahkamlash uchun rezinkadan foydalanish mumkin.
2-usul: shimni uzunligi bo‘yicha ikkiga buklang. Manjetdan yuqoriga belgacha burashni boshlang. Shunday qilib, zich buralgan rulon hosil bo‘ladi.
Koftalar, ko‘ylaklar va yengi uzun narsalarni qanday taxlash kerak
Klassik usul (ayniqsa ko‘ylak va bluzkalar uchun)
Barcha tugmalarni qadang. Buyumni tashqi tomoni bilan pastga qaratib joylashtiring. Yenglarni xoch shaklida (yoki tana bo‘ylab) yig‘ing. Kiyimni pastdan yoqaga tomon buklang.
Rulet usuli
Kiyimni tashqi tomoni bilan pastga qaratib taxlang. Yenglarni ichkariga, tana bo‘ylab buklang. Pastki qismni o‘rtasiga buking va ruletkaga pastdan yuqoriga qarab o‘rashni boshlang.
Futbolka va maykalarni qanday taxlash kerak
Armiyacha usul
Futbolkaning tashqi tomonini yuqoriga qaratib joylashtiring. Pastki qismini (taxminan 5-6 sm) ichkariga buklang. Tor chiziq hosil bo‘lishi uchun yon tomonlarni markazga taxlang. Yoqadan pastga qarab rulonga o‘rashni boshlang. Futbolkaning bukilgan quyi qismidan futbolkani mahkamlashda foydalaning.
Yana konvert
Futbolkaning old tomonini pastga qaratib taxlang. Yon tomonlarini, shu jumladan yenglarini ham markazga qo‘ying. Pastdan yuqoriga qarab o‘rang va keyin yarmidan buklang va ixcham o‘ramni hosil qiling.
Ko‘ylak va yubkalarni qanday taxlash kerak
Yumshoq rulon
Ko‘ylak yoki yubkani tekis yuzaga joylashtiring. Agar ko‘ylakning yenglari bo‘lsa, ularni ichiga buklang. Pastki qismini o‘rtasiga buklang. G‘ijimlardan qochish uchun rulonni yuqoriga qarab tekis buklang.
Buklash
Yubkalar uchun: yubkani yoying, uzunasiga yarmidan buklang. Ko‘ylaklar uchun: buyumni yanada to‘g‘riroq qilish uchun yenglarni ichkariga buklang. Yaxshi o‘ram hosil bo‘lishi uchun bir necha buklashni amalga oshiring.
Sviter qanday taxlanadi
Uchlik
Sviterning tashqi tomonini pastga qaratib qo‘ying. Yenglarni chalishtirgancha yoki korpus bo‘ylab buklang. Sviterni pastdan yuqoriga uch marta buklang. Bu hajm va shaklni saqlashga yordam beradi.
Katta o‘ram
Barcha cho‘ntaklaringiz bo‘shligiga ishonch hosil qiling. Kurtka yoki palto tugmalarini qadang. Unining tashqi tomonini pastga tushiring. Yenglarini korpus bo‘ylab ichkariga buklang. Pastdan yoqa tomon zich o‘rashni boshlang.
Ikkilik
Barcha zanjirsimon yopqich va tugmalarni qadang. Kurtkaning tashqi tomonini pastga qaratib qo‘ying. Kurtkani uzunligi bo‘yicha yarmidan buklang, keyin yenglarini yelkalari bo‘ylab buklang. Pastdan kapyushon (bo‘lsa) yoki yoqaga qarab buklang.
Umumiy layfxaklar – istalgan narsalar uchun universal:
- Vakuum paketlar. Ayniqsa, hajmli kurtkalar va sviterlar uchun joyni tejaydi. Buyumlarni yanada ixchamroq qilib, ortiqcha havoni yig‘ishtiradi.
- Kompressioner paketlar. Buyumlarni nafaqat qisish, balki jomadonni botartib qilgan holda ularni tashkil etishga ham yordam beradi.
Qanday qilib ichki kiyimlarni jomadonga ixcham taxlash mumkin
Ichki kiyimlar qanday o‘raladi
Ularni tekis sirtga joylashtiring. Yon tomonlarini markazga qo‘ying. Ixcham o‘ramga aylantiring.
Ichki kiyimlarni yuza qismini yuqoriga qarating. Uzunligiga qarab taxlang. Beldan rezinaga qarab rulon shaklida aylantiring.
Siynabandlar qanday o‘raladi
Bir siynaband kosachasini ikkinchisiga kiriting. Kosachalarni buzib qo‘ymasdan bir qatorga taxlang. Ularni jomadonga shunday joylashtiringki, shakli saqlansin. Shuningdek, kosachalarga kichikroq buyum (masalan, paypoq) qo‘shish orqali ularning dumaloqligini saqlab qolishi mumkin.
Jomadonga pardoz-andoz va tualet buyumlarini qanday joylash lozim
Pardoz-andoz buyumlarini o‘rash bo‘yicha g‘oyalar
- Kichik formatlar va namunalar.
Agar iloji bo‘lsa, sevimli mahsulotlaringizning miniatyuralarini oling. Kam joy egallaydigan narsalardan foydalaning.
- Kichik konteynerlarga quyish.
Suyuq mahsulotlar(shampun va kremlar)ni kichik idishlarga quying.
- Pardoz qutisi
Hammasi tartibda bo‘lishi va to‘kilib ketmasligi uchun bo‘lmalarga ega pishiq pardoz qutisi / organayzerlardan foydalaning.
- Silliq o‘ramlar
Vositalar kamroq joy egallashi uchun tekis o‘ram tanlang.
Pardoz ashyolarini o‘rash
- Germetik paketlar yoki pardoz qutichasidan foydalaning.
- Ko‘p funksiyali vositalarni xarid qiling (dush uchun shampun-gel).
- Faqat eng kerakli buyumlarni oling (qolganini sotib olasiz).
- Butilkalarga stikerlar, yorliqlar yoki qo‘lda yozilgan yozuvlar bilan belgi qo‘ying.
Har xil mayda narsalarni jomadonga qanday joylash mumkin?
Organayzerlardan foydalaning. Bu kichkina pardoz qutichasi, kanop xaltachalar yoki zip-yopqichli paketlar bo‘lishi mumkin.
Kabellar uchun tutqichlar va texnika/gadjetlar uchun g‘iloflar sotib oling. Bu nafaqat joyni tejaydi, balki noutbuk, kamera yoki planshetingiz butligini ham asraydi. Darvoqe, ularni yumshoq narsalar orasiga joylashtirgan ma’qul.
Tabletkalar – dori solinadigan qutichalarga, pul va kredit kartalari – hamyon yoki kartxolderga. Buning uchun izohga hojat yo‘q.
Va eng muhimi - barcha mayda narsalarni jomadonning ust ismiga, shuningdek, cho‘ntaklari va maxsus bo‘lmalarga joylashtirgan ma’qul.
Jomadonga hujjatlarni joylashtirish
- Hujjatlar uchun ishjild yoki konvert
Pasportlar, chiptalar, bandlovlarning bosma nusxalari kabi barcha muhim qog‘ozlarni bir joyda saqlash uchun maxsus hujjatlar ish jildidan foydalaning. Uning suv o‘tkazmasligiga ishonch hosil qiling yoki hujjatlarni germetik paketda saqlang.
- Elektron nusxalar
Muhim hujjatlarning skanerlari yoki fotosuratlarini olishga erinmang, shuningdek, ularning asl nusxasi yo‘qolib qolgudek bo‘lsa, bulutli xotira yoki qurilmangizda saqlang.
- Oson kirish rejimi
Hujjatlar solingan papkani aeroportda yoki ro‘yxatdan o‘tishda tezda topish uchun sumka yoki ryukzakning oson oladigan cho‘ntagiga soling.
Tabriklaymiz, siz jomadonni o‘rash bo‘yicha yosh jangchi kursidan o‘tdingiz. Bu sizga endi har qanday murakkab yig‘inlar ham cho‘t emasligini anglatadi. Bizning qo‘llanmamizni saqlab qo‘ying va uni do‘stlaringiz bilan o‘rtoqlashing. Safaringiz maroqli o‘tsin!