Qozog‘iston bilan chegaradagi Dovut ota o‘tkazish punkti yana to‘rt oyga yopildi


Tajen nazorat-o‘tkazish punktida davom etayotgan rekonstruksiya ishlari sababli Qozog‘iston tomoni fevral oyida qo‘yilgan cheklovni 1-sentyabrgacha uzaytirishni taklif qilgan. O‘zbekiston buni qo‘llab-quvvatladi.
Qoraqalpog‘istonning Qozog‘iston bilan chegara qismida joylashgan Qozog‘iston-O‘zbekiston chegara o‘tkazish punkti yana 4 oyga yopildi. Bu haqda Qozog‘iston Moliya vazirligi huzuridagi Davlat bojxona qo‘mitasiga tayanib, Kazinform agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston vakolatli organlari bilan kelishilgan holda jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar va yuk ko‘tarish quvvati 3,5 tonnagacha bo‘lgan avtotransport vositalari uchun Tajen nazorat-o‘tkazish punkti orqali harakatlanish vaqtincha to‘xtatildi.
“Bu qaror o‘tkazish punktida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilindi. Hozirda hududda keng ko‘lamli ishlar — metall konstruksiyalarni o‘rnatish, muhandislik tarmoqlarini yotqizish va binolarni kapital ta’mirlash olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, may-avgust oylarida KazAvtoJol kompaniyasi Tajen (Qozog‘iston) va Dovut ota (O‘zbekiston) punktlari o‘rtasidagi neytral polosada avtomobil yo‘lini quradi. Xuddi shunday ishlar O‘zbekiston tomonidan ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari davom etayotgani munosabati bilan Qozog‘iston O‘zbekiston tomoniga chegarani kesib o‘tishga qo‘yilgan cheklovni yana 4 oyga — joriy yilning 1-sentabrigacha uzaytirish taklifi bilan rasman murojaat qilgan. Qayd etilishicha, O‘zbekiston bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Bundan tashqari, fuqarolardan sayohat va yo‘nalishlarni rejalashtirishda ushbu ma’lumotlarni inobatga olish so‘ralgan.